Kitob tumanining shimoliy-sharqida Hazrati Sulton tog‘i joylashgan, u dengiz sathidan 4135 metr baland bo‘lib, Zarafshon va Hisor tog‘ tizmalarining ayrilish joyida G‘ova cho‘qqisiga tutashgan [1]. Bu joy Hazrati Sulton nomi bilan bog‘liq qadamjo bo‘lib, mahalliy aholi uni “Ko‘hi tavba”, “Avg‘oyi qiyomat” deb ataydi [2:37].
Eramizdan oldingi VII-VI asrlarda, balki undan oldin ham mahalliy so‘g‘dlar (zardushtiylar) Hazrat Sulton tog‘ining ustiga chiqib quyoshga qarab topinganlar. O‘sha paytda bu qoya nomi tarixga “So‘g‘d qoyasi” nomi bilan kiritilgan. Uning ustida otashparastlar qurbonliklar qilishgan. Hozirgacha tarashlab yo‘nilgan tosh supada qurbonlik qiluvchi qon yalog‘ saqlanib qolgan. Tog‘ ustidan quyosh qiynalib chiqqandek, 2-3 marotaba pastga-yuqoriga tebranib chiqadi. Shu payt qurbonlik so‘yilgan. Ushbu joyda dastlab mo‘jazgina qasr ham bo‘lgan, keyinchalik buzib tashlangan [3:132].
680 yili Xalifa Muoviya vafotidan keyin Iroqda ummaviylarga qarshi harakat boshlanadi. Qufa shialari Imom Husaynni o‘zlarining imomi deb Qufaga tashlif qiladi va Xalifa Yazidga qarshi qo‘zg‘olonga bosh bo‘lishni so‘raydilar. Imom Husayn jangchilari bilan Makkadan Qufaga yetgan vaqtda Karbalo dashtida xalifalikning yetti ming qo‘shini qarshi chiqadi. 680 yili 10 oktabrda Imom Husayn (r.a.)ni Sinan ibn Avs ibn Amir an-Naxa’iy nayza sanchib o‘ldirgan edi... Sinan o‘zi otdan tushib kallani tanadan uzdi. Bu mislsiz jinoyat hijriy 61 yil juma kuni bo‘ldi. O‘sha kuni ashuro kuniga to‘g‘ri kelgan edi [4:129]. Imom Husayn Karbolo dashtida dafn etilgan. Bu joy shialarning muqaddas ziyoratgohi hisoblanadi.
Rivoyatda Imom Husayn jangda halok bo‘lgach, boshi tanadan judo qilinib, Yazidga keltiriladi. Qo‘shin boshlig‘i Xo‘ja Dovud Damashqiy Imom Husaynning boshi o‘rniga o‘z o‘g‘li Husaynning boshini qoldirib kallani olib qochadi. G‘ova cho‘qqisiga olib keladi. Shu yerda dafn etadi. Cho‘qqiga yetib borgach sherigi Mubil ota ham shahid bo‘ladi [1]. Hazrati Sulton tog‘ining baland cho‘qqisi 70-80 kishi namoz o‘qishi uchun toshni tarashlab qo‘ygandek tekis, supaning g‘or, ya’ni qibla tomonida qabr bo‘lib, unga Imom Husaynning boshi qo‘yilganligi aytiladi [5:34].
O‘z qa’rida katta tarixni berkitgan Hazrati Sulton tog‘i hanuzgacha o‘zining ulug‘ligini saqlagan holda uzoq uzoqlardan salobat bilan ko‘zga tashlanib turadi. Tog‘ning ulug‘ligiga salobat beruvchi hodisalardan yana biri, ertalab quyosh chiqishi vaqtida tog‘ning eng baland cho‘qqisidan ufqqa qaralganda quyoshning ikki uch marotaba pastga yuqoriga tushib chiqishidir. Oddiy ko‘z bilan qaralganda qiynalib chiqayotgandek ko‘rinadi. Aslida buning sababi yerning o‘z o‘qi atrofida 3-6° tebranishidir. Kun botish vaqtida toqqa o‘t ketgandek qizarib ko‘rinadi. Tog‘ning salobatini oshiruvchi hodisalardan yana biri, u yerdagi Qabzaxona qishlog‘ining eski o‘rnidan qaralganda, quyosh tog‘ ustiga kelganda qoyaning odam boshi shaklida ko‘rinishidir [2:38]. Hazrati Sulton cho‘qqisi qadimgi davrdan hozirgacha o‘zining sirli va jozibaliligi bilan ziyoratchilarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.
“Musibatnoma” kitobida keltirilishicha, Imom Husaynning boshi Qarg‘a va Masturalar tomonidan olib qochilgan bo‘lsa, Hazrati Sulgon tarixida esa Xo‘ja Dovud Damashqiy tomonidan olib qochiladi. Har ikki muhibi xonadonlarning biri Karbaloga qochsa, biri Hisorga qochadi.
Qadimiy tarixlarda podsholar, nomdor kishilar, polvonlarning qabrlari sir tutilgan. Dafi qilingan joylari bir necha joyda ko‘rsatilgan. Bu ishlar dushmanlar mayitni o‘g‘irlab azob bermasin degan maqsadda qilingan. Imom Husaynning Muborak boshlarini dunyo kezdirib, har joyga “dafn etilishi” va shu bilan bog‘liq tarixlarni yaratilishi yuqoridagi fikrlardan holi emas. Imom Husaynning boshlarini qolgan joylarga ham xuddi shunday yo‘l bilan “keltirilishi” Yazidning qo‘shinini chalg‘itish uchun muhiblar tashkil etgan tadbirlardan biri bo‘lsa ajab emas. Karbaloda Imom Muhammadi Hanifa, akalarining boshlarini tanlariga vosil qilishda shaxsan ishtirok etishlari, haqiqiy bosh o‘z tanalariga ya’ni, Karbaloda deb tushinish mumkin. Masalani yana bir qiziq tomoni shundaki, Muqanna qo‘zg‘oloni 774-783 yillar orasida bo‘lgan bo‘lsa, Imom Husayn salkam 94 yil oldin dashti Karbaloda shahid bo‘lganlar [3:141-142]. Shuning uchun Hazrati Sulton tarixi keyinroq yozilib, ushbu joy ziyoratgohga aylantirilgan deyish mumkin. Hazrati Sulton tog‘i qadamjo hisoblanadi.
Shuningdek, Kitob tumanining tog‘ hududidagi Hazrati Bashir qishlog‘ida Hazrati Sulton Said Ahmad (1368-1464) nomi bilan bog‘liq arxeologik yodgorlik (XV asr) mavjud bo‘lib, u “Shohak” degan manzil bilan bog‘lanib, bu yo‘l Hazrati Bashir ziyoratgohiga, ikkinchisi Samarqandga olib boradi [6]. Hazrati Sulton tog‘ining siri hanuzgacha insoniyatni lol qoldirib keladi. Tog‘ Kitob tumanining shimoliy sharqida joylashgan bo‘lib, balandligi jihatdan Respublikada 5 nuqta hisoblanadi. Dengiz sathidan 4135 metr baland bo‘lib, Kitob shahridan 82 kilometr shimoli sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Zarafshon va Hisor tog‘ tizimlarining ayrilish joyidagi G‘ova cho‘qqisiga tutash [6].
Respublikaning turli hududlaridan ko‘plab ziyoratchilar, mahalliy aholi kelib bu joyni ziyorat qilishadi. Tog‘ qadimdan ham ulug‘ joy hisoblanib, mahalliy aholi uni “Ko‘hi tavba” ya’ni “tavba qilganlarning gunohini kuydiruvchi” deb ataydi. Tog‘ havosi juda sovuq bo‘lganligi sababli, yoz faslida 20 iyuldan 20 avgustgacha ziyoratchilar Hazrat Sulton ziyoratgohiga borishadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI: