XO‘JAIPOK OTA ZIYORATGOHI (Dehqonobod tumani)

XO‘JAIPOK OTA ZIYORATGOHI (Dehqonobod tumani)

 

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasi Xo‘jaipok qishlog‘i tog‘ hududida Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh. Tog‘li Xo‘jaipok qishlog‘ida xalq orasida arab istilosidan keyin X-XI asrlarda islom dinini targ‘ib qilish uchun kelgan Xo‘ja Soat, Xo‘ja Bulg‘on, Xo‘ja Tullik, Xo‘ja Mahmud, Xo‘ja Obigarm, Xo‘jaikon kabi yetti xo‘jalardan biri bo‘lgan Xo‘jaipok ota nomi bilan bog‘liq  ramziy  ziyoratgoh joylashgan [1].

“Xo‘ja” so‘zi forscha (obro‘ e’tiborli kishi, sohib, savdogar, murabbiy)  – faxriy unvon va murojaat shakli. Markaziy Osiyoda XX asr boshiga qadar Xo‘jalar – xulofoi-roshidin (Abu Bakr, Umar (asosan), Usmon  va Ali (uning Muhammad (s.a.v.) ning qizlari Fotimadan bo‘lgan avlodlaridan tashqari, avlodlari da’vo qiluvchi shaxslarning faxriy unvoni. Boshqa manbalarda xo‘jalar arablarning fatxiy yurishlariga boshchilik qilgan sarkardalar avlodlari deb hisoblanadi. Xo‘jalar islomda oqsuyaklar tabaqasi sifatida sayyidlardan keyin turib imtiyozlarga ega bo‘lishgan [2:551-552]. Ba’zi musulmon mamlakatlarida hozir ham ularning imtiyozlari saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonning janubida joylashgan Qashqadaryo vohasining tog‘ hududlarida Xo‘jalar nomi bilan bog‘liq qishloqlar, tabiiy hududlar, ziyoratgohlar, qadamjolar mavjud. R.Ya.Rassudovaning yozishicha, xo‘ja so‘zi forscha “katta boshliq” ma’nosini bildirgan. Lekin, xo‘ja so‘zining turli davrlarda va turli hududlarda ikkinchi darajali boshqa ma’nolari ham mavjud bo‘lgan. Jumladan, qozoqlar va qirg‘izlarda “xo‘ja” deb diniy ilm beruvchi maktablarda dars beradigan muallimlarga aytilgan [3:10-11]. Xo‘ja so‘zi qaysi davrda, qaysi mintaqada va qanday ma’noni anglatishidan qat’iy nazar, xo‘ja deyilganda, asosan, o‘zlarining etnik kelib chiqishini arablar bilan bog‘lovchi aholi tushunilgan.

Xo‘jaipok ota ziyoratgohi 1990 yillargacha ochiq joyda joylashgan bo‘lib, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng mahalliy aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qabr ustiga odmigina bir xonali maqbara qurilgan, tomi esa tekis qilib loyshuvoq bilan yopilgan. Hovlida yana bitta qabr bo‘lib, aholi vakilining aytishicha u Xo‘jaipok ota xizmatkorining qabridir. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Markaziy Osiyoni arablar ishg‘ol qilgandan so‘ng, arab sarkardalari islom dinini yoyish uchun xizmat qilgan, ularning qabrlari ziyoratgohga aylangan. Ushbu ziyoratgoh ham qadim davrlardan buyon mavjud [4]. Aholi orasida yetti xo‘ja, yetti pir degan tushunchalar bo‘lib, ular islom dinini targ‘ibot va tashviqot qilishgan hamda aholiga pir bo‘lishgan. Xo‘jalar haqida aholi orasida turli xil rivoyatlar mavjud. Taxminimizcha, bu yerdagi qabr ramziydir. Qabrda kim yotganligi no’malum. Chunki, ilmiy izlanishlar davomida Xo‘jaipok ota haqida  ma’lumotlar uchramadi.

Movarounnahrda islom dinini targ‘ib va tashviq qilgan zotlardan biri Xo‘ja Alambardor (X asr) bo‘lib, u Imom Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiyning safdoshi, alambardor (bayroqdor, dinni bayroq qilib ko‘tarib, tashviq etuvchi) nomi bilan tanilgan. Manbalarga ko‘ra, uning taxmin qilingan qabri Toshkentning Kamolon darvozasi ortida bo‘lgan [2:552]. Bu manba haqiqatga yaqindir. Faqatgina O‘zbekiston hududida Toshkentdagi Xo‘ja Alambardor tarixiy shaxs bo‘lishi mumkin. Tarixda alambardorlar ko‘p o‘tgan, ular xalqning yuksak e’tiborida bo‘lishgan.

Ziyoratgoh Dehqonobod markazidan ancha uzoq, tog‘ hududida joylashganligiga qaramasdan bahor faslining may oyidan kuz faslining sentabr oylarigacha ziyoratchilar bilan gavjum. Xo‘jaipok ota ziyoratgohi atrofidan oltingugurtli suv chiqadi va undan hosil bo‘lgan ko‘l, balchiq bor. 1987 yilda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli N.A.Semashko nomidagi respublika kurartologiya va fizoterapiya instituti mutaxassislari Xo‘jaipok ota suvining tarkibini o‘rganib, D.Mendeleyev jadvalidagi meneral moddalarning borligini aniqlagan va kasalliklarga shifo bo‘lishi aytilgan [5:12].

Xo‘jaipok ota suvi shamollash bilan bog‘liq kasalliklar, revmatoid (bod kasalligi), poleartrit, turli teri kasalliklari, asab tizimi, umurtqa osteoxondrozi, umurtqa grijasi, har xil nevropotiyalar, surunkali xolisistid, entrokolitprostati, adneksid, burseloz va boshqalarni davolashda shifo sifatida qaralgan [6:23].

Ziyoratgohdagi suv va issiq balchig‘i asosan iyun, iyul oylarida quyosh nuri ta’sirida isib, bemorlarga shifo bo‘lish hususiyatiga ega. Olib borilgan so‘rovlarga ko‘ra mahalliy aholi shifobahsh suvni Xo‘jaipok ota karomati deb baholashadi va undan foydalanganda, shifo bo‘lishiga katta umid bildirishadi.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani tog‘ yon bag‘ridagi Xo‘jaipok qishlog‘ida ham Xo‘jaipok nomi bilan atalgan ziyoratgoh joylashgan. Bu qadamjoni mahalliy aholi IX-X asrlarda Arabistondan vatanimiz hududiga islom dinini yoyish uchun kelgan yetti xo‘jalardan biri deb hisoblashadi. Ziyoratgoh bahor va yoz fasllarida o‘zining so‘lim tabiati, shifobaxsh suvi bilan ko‘plab ziyoratchilarni jalb etadi. Aniqlanishicha, suv tarkibida fosfor, oltingugurt, tuz, xlorid, sulfid, azon, temir va boshqa moddalar bor. Suv asosan, bosh, oyoq, bel og‘riqlari, ko‘krak qafasining qisilishi, turli yaralar, chipqon, toshma, teri va asab kasalliklariga da’vodir [7]. Dala tadqiqotlariga ko‘ra, mahalliy aholi ziyoratgoh hududidan chiqayotgan suvni shifobahsh deb bilishadi va ko‘plab kasalliklariga davo topishgan.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Xo‘jaipok qishlog‘ida joylashgan Xo‘jaipok ota ziyoratgohida hamda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok ziyoratgohining o‘ziga xos o‘xshashlik tomonlari bor. Ikkala ziyoratgoh ham tog‘ hududida joylashgan. Ularning ikkisi ham Xo‘jaipok nomi bilan bog‘liq bo‘lib, ramziy qabr, ikkala ziyoratgoh hududidan ham oltingugurtli suv chiqadi, ziyoratchilar u yerga tashrif buyurib, ham shifo topishadi, ham tabiat manzarasidan bahramand bo‘lishadi. Bu ziyoratgohlarni ekoturistik ob’ekt sifatida ham baholash mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Xo‘jaipok ziyoratgohi ramziy bo‘lsada, ular nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar tarixini keng ommaga tarqatish, nafaqat viloyatni, balki respublikani turizm yo‘nalishida mashhur qilish, islom ulamolari hayotini, ilmiy o‘rganish lozim bo‘ladi. Qashqadaryo vohasida tarixiy ming yilliklar davomida yuz bergan siyosiy-ijtimoiy, madaniy o‘zgarishlar hududda ilm-fan va madaniyatning yuksalishiga sabab bo‘lgan. Voha hududida joylashgan olim, avliyo, pir, said, xo‘ja, tarixiy shaxslar nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar aholi turmush tarzining bir bo‘lagiga aylanib, tashrif davomida ziyoratchilar nafaqat tabarruk zotlarga bo‘lgan hurmatni, balki islom madaniyatiga hissa qo‘shgan olimu fuzalolarning fan yo‘lidagi xizmatlari, ularning hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlardan ham xabardor bo‘ladilar.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

 

  1. Dala tadqiqotlari. – Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani, Qo‘rg‘ontepa mahallasi Xo‘jaipok qishlog‘i. 2024 yil 20 iyul.
  2. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashryoti, 2017.
  3. Toshqulov K. Dehqonobod tarixi va taraqqiyoti. Uchinchi kitob. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2017.
  4. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Kattaqo‘rg‘on mahallasi Xo‘jaipok qishlog‘ida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan Ashirov Keldiyor bilan bo‘lgan suhbat. Ziyoratgoh mutavallisi. 2024 yil 20 iyul.
  5. Toshqulov K. Qadimiy va navqiron Dehqonobod. Birinchi kitob. – Toshkent: Muharrir nashryoti, 2012.
  6. Toshqulov K. Qadimiy va navqiron Dehqonobod. Ikkinchi kitob. – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2015.
  7. Pardayev M. Oltinsoy ziyoratgohlari. Ona qishlog‘im. – Toshkent, 2003.