Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida Quruqsoy qishlog‘ining o‘ng tomonida paleolit, mezolit va bronza asrida paydo bo‘lgan, petrogliflar, ayvonsifat toshlarga chizilgan yozuv va belgilardan iborat qadimgi Siypantosh ibtidoiy san’at yodgorligi joylashgan [1]. Markaziy Osiyo xalqlari yaratgan qadimiy qoyatosh suratlari toshga bitilgan noyob san’at asari bo‘lib, O‘zbekistonning janubiy hududida topilgan Siypantosh qoyatosh suratlari ular ichida eng qadimiysidir. Mazkur soy Qoratepa tog‘idan boshlanib, shimoldan janubga oqadi. Uning sharqiy tarafi keng adirlik, qishloqning lalmi yerlari joylashgan. U yerda birorta katta kichik toshlar mavjud emas. Soyning o‘ng, g‘arbiy tomoni Quruqsoy qishlog‘ining ustidan qiyalik bo‘ylab zich joylashgan katta kamar (grota) toshlardan iborat. Bu yerda katta harsangtoshlar ko‘p, ular asosan qumtoshlardan iborat. Mazkur kamarlarning o‘ziga xos hususiyati shundaki, ular tabiat ta’sirida yomg‘ir (suv) va shamol eroziyasi natijasida ichi kovak va ayvonlar hosil bo‘lgan. Ushbu kamarlar sirtiga qadimgi rassomlar tomonidan mahorat bilan rasmlar chizilgan [2:11]. Siypantosh qoyatosh rasmlari 2001 yilda R.X.Sulaymonov tomonidan tadqiq etilgan va 6 ta ayvonli toshlar aniqlangan. Siypantosh qoyatosh rasmlari M.Xo‘janazarov, A.Y.Rogojinskiy, N.O.Xushvaqtov va Y.A.Gordeeva, X.G.Oynazarovlar tomonidan o‘rganilgan.
O‘zbekistonning qoyatosh yodgorliklari jahon madaniy merosining ajralmas qismidir. Ular uzoq o‘tmishning ijtimoiy, madaniy, badiiy va marosimlarini o‘zida mujassam etadi. Shu kabi noyob qoyatosh namunalaridan biri Siypantosh qoyatosh suratlaridir. Siypantosh yodgorligi qadimiy bo‘lib, unda diniy va dunyoviylik, inson va tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuzatish mumkin. Yodgorlik suratidagi mavzular geometrik hususiyatga ega. Ammo Siypantoshda qizil oxra hukmronlik qilgan. Qizil olov va quyosh (issiqlik) rangi. U inson uchun hayot, kuch, energiya kabi muhim tushunchalarni ifodalaydi. Oy taqvimining 28-30 nuqta yoki chiziqchalar seriyasi ko‘rinishidagi tasvirlari paleolit davri san’ati uchun xosdir. Tez-tez uchraydigan o‘q shaklidagi belgilar paleolit va mezolit davrlari tasvirlarini ko‘rsatadi [3:24].
Noyob belgilar orasida ikkita kalta oyoqlari bo‘lgan gorizantal devorga ikkita vertikal chiziqli qo‘ng‘iroq shaklidagi figura mavjud. Ammo Siypantosh yodgorligidagi bu belgi oval shiftli yengil uyga o‘xshaydi. Olmos shaklidagi raqamlarning ikki qatori noyobdir. Ular nimani anglatishi aniq emas. Qo‘shni kichik omborxonada qo‘l izlari ustunlik qiladi. Odatda ular chap qo‘l izlari. Bu yerda qo‘l izlaridan tashqari o‘q shaklidagi belgilar ham bor. Qadimda odamlar rasmlarga muqaddas ma’no berib, ular hozir va kelajakda o‘zlariga yordam berishiga ishonganlar [3:26].
2021-2022 yillarda tadqiqotlar t.f.n. M.Xo‘janazarov va X.Oynazarovlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida, Siypantosh yodgorligi atrofidan topilgan 7- va 8-kamarlarning shiftida oxra bilan chizilgan rasmlar topilgan. Ushbu qoyatosh rasmlari orasida hayvonlardan faqat ikkita yovvoyi buqa rasmlari tasvirlangan, shuringdek odamlar va ayol tasvirlari, qo‘l panjalari, turli xil geometrik va kosmonogik belgilar ifodalangan. Siypantosh qoyatosh rasmlari orasida tushunarsiz har xil geometrik belgilar, ko‘pchilikni tashkil qiladi [2:13].
So‘nggi tadqiqotlarda Siypantosh atrofida yangi qoyatosh rasmlari aniqlangan. Yangi topilmalar 400-500 metr balandlikda mahalliy aholi Agbuloq deb atagan favvora atrofidan topilgan. Siypantoshdan taxminan 2-3 km shimolda, 100-150 metr g‘arbda ham yangi qoyatosh rasmlari aniqlangan. Rasmlarda odamlar, hayvonlar, o‘q-yoylar, turli xil geometrik belgilar tasvirlangan, ularda toshda cho‘kma mavjud. Yangi to‘plamda katta tosh ichiga qizil oxra bilan ishlangan. Rasmda qo‘l panjalari chizilgan. Ular Siypantoshda chizilgan qo‘l panjalariga o‘xshab ketadi [4].
Siypantosh yodgorligi atrofidan topilgan yangi qoyatosh suratlar Siypantosh rasmlari qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Ular qadimgi aholining mifologik, diniy dunyoqarashlarini, tasavvurlarini o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Hali ham olimlarimiz tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI