G‘ELON TOG‘ EKOTURIZM OB’EKTI (Shahrisabz tumani)

G‘ELON TOG‘ EKOTURIZM OB’EKTI (Shahrisabz tumani)

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumaniga qarashli Hisor tog‘ tizmasidagi baland, viqorli tog‘lar bag‘rida G‘elon qishlog‘i joylashgan. Qariyb 2000 yillik tarixga ega G‘elon qishlog‘i Shahrisabz tumani markazidan 100 km (mavsumga qarab 2-3 soatlik yo‘l) olis masofaga ega.

G‘elon qishlog‘i dengiz sathidan 1800-2000 metr balandlikda, Hisorak suv omboridan ham yuqoriroqda joylashgan. Qishloq tog‘da joylashganligi uchun yoz oylarida ob-havo 25°ni bo‘ladi. Mahalliy aholi baland pahsa devordan qurilgan, usti loy shuvoq qilingan uylarda yashashadi. Uy ikki qavat bo‘lib, pastki qavatidan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanishadi. Mahallada zamonaviy qilib qurilgan uylar ham anchagina. Qishloq aholisi besh yarim mingga yaqin kishini tashkil etib, tog‘ havosi toza bo‘lganligi sababli, u yerda yuzdan oshiq nuroniy otaxon va onaxonlar yashaydi. Tog‘ aholisi asosan bog‘dorchilik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. G‘elonda olma, gilos, malina, nok, yong‘oq o‘sadi.

Qishloqda go‘zal tabiatdan ilhomlanib ijod qiladigan yog‘och o‘ymakorligi, rassomchilik bilan qiziquvchi noyob qobiliyat egalari ham istiqomat qilishadi. Ular o‘z uylarida hunarmandchilik va rassomchilik uy muzeylarini ham tashkil etishgan.

Aholi hozirda ham qadimgi tosh tegirmondan foydalanadi. Shu bilan birga daryoga qo‘lbola suv generatorini o‘rnatib elektr toki olishadi. Bu qo‘lbola elektr stansiyasi 30 ta xonadonni elektr toki bilan ta’minlaydi. G‘elon aholisi yozda qish uchun tayyorgarlik ko‘rishadi. Chorva uchun tog‘dan yem, hashak g‘amlashadi. Mahallada kichik tadbirkorlik qiluvchilar uylaridan do‘konlar ochib, aholini kundalik ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlaydi. G‘elon qishlog‘ida bolalar uchun maktab, aholi uchun masjid, choyxona faoliyat ko‘rsatadi. Yoz faslida dam oluvchilar uchun mahalliy aholi o‘z uylaridan hamda uy mehmonxonalaridan joy berishadi.