JUNAYD BAG‘DODIY ZIYORATGOHI (Nishon tumani)

JUNAYD BAG‘DODIY ZIYORATGOHI (Nishon tumani)

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani, Eski Nishondan bir necha chaqirim uzoqlikdagi Otquduq qishlog‘i yaqinida tariqat vakillaridan biri bo‘lgan Junayd Bag‘dodiyning ziyoratgohi joylashgan [1]. To‘liq ismi Abul Qosim Junayd ibn Muhammad al-Qavoririy al-Xazzoz al-Bag‘dodiy (?-910) Bag‘dodda tavallud topgan. O‘sha davrda Bag‘dodda mavjud bo‘lgan tasavvufiy ikki asosiy oqimdan biri Junaydiyaning asoschisi bo‘lgan [2:173]. Bu tariqat  sharqda “Toj ul-orifiyn”, “Sulton ul-muhaqqiqiyn”, “Ustod ul-tariqat” nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, Junayd Bag‘dodiyning butun umri Bag‘dodda o‘tgan. Bag‘dod madrasalarida ta’lim olgan va o‘z qarashlarida insonning diniy-ruhiy poklanishiga alohida e’tibor qaratib, tasavvuf amaliyotini islomga moslashtirgan.

Bag‘dod ahli Junaydni “Sayyid ut-toifa” deb atagan. Hazrat Junayd  al-Bag‘dodiy ahli sunna va jamoaning buyuk ulamolaridan, hijriyning III asrida sunniy tasavvuf shayxlaridan edi. Go‘dakligida otadan yetim qolib, tog‘asi so‘fiy Sari as-Saqatiy qo‘lida tarbiyalangan. Shofiiy mas’habi huquqi va hadislarni mashhur faqih Abu Savra Ibrohim Bag‘dodiy  (vaf. 854) dan o‘rgangan. Junaydga al-Xaris al-Muhasibiy (taxm. 781-857) ham ustozlik qilgan [3:100]. Ular Bag‘dod so‘fiylik maktabi asoschilaridan bo‘lgan. Junayd Bag‘dodiy tomonidan yozilgan  31 ta risola mavjud bo‘lib, u “Rasoil” deb nomlanadi. Unda allomaning maktublari, so‘fiylikka doir maqolalari jamlangan bo‘lib, ularning bir qismi Qur’onning ayrim oyatlariga sharh sifatida yozilgan. Keyinchalik uning kitoblari “Risoilu al-Junayd” (“Junayd risolalari”) nomli kitob holida 2005 yilda “Iqra’” nashriyotida chop etilgan [4:14]. Junayd Bag‘dodiy Allohning yagonaligi (tavhid), psixologik tajriba va his etish asosida Uni bilish darajasi haqidagi ta’limotni ishlab chiqqan.

Alisher Navoiy ham o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” (Hikoyalar va hidoyatlar) asarida Junayd Bag‘dodiy haqida: “Har kishikim yarim kun Junayd bilan suhbat tutgan bo‘lsa, undan odob tarki kelmagay” - deb keltiradi [5:25].

Junayd Bag‘dodiy shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat ilmida benihoyat oliy daraja va maqom sohibi bo‘lgan. Sufyon Savriyning qarashlarini ma’qullagan. Bag‘dod mashoyihlarining barchasi Junayd yo‘lini tutishgan.

Shayx Shibliy dedi:

Agar aql kishi suratiga kirsa edi, Junayd suratida bo‘lar edi.

Sariy Saqatiy dedi:

Junaydning shavq, ma’rifat, kashf va ishq bobidagi martabasi nihoyatda oliydir.

Junayd Bag‘dodiy 91 yil umr ko‘rib, 298/910 yilda Bag‘dodda vafot etgan [3:101]. Uning asl qabri Iroqda joylashgan. Iroq hukumati tomonidan 1980 yillarda Junayd Bag‘dodiy maqbarasi qayta ta’mirlanib katta ziyoratgohga aylantirilgan. Maqbara yonida uning nomi bilan jome’ masjid ham qurilgan.

Allomaning asl qabri Iroqning Bag‘dod shahrida bo‘lsa-da, Nishon tumani Otquduq qishlog‘i yaqinidagi Nayman ota ziyoratgohini ta’mirlash davomida XIX asrga oid “Junayd Bag‘dodiy” nomi yozilgan qabrtosh topilgan. Shuning uchun mazkur ziyoratgoh ramziy qabr sifatida aholi orasida muqaddas hisoblanadi.

Xalq orasida “Sohibqiron Amir Temur yurishlari davrida Qarshi shahridagi Ubayda bin al-Jarroh, hoki-poklarini olib kelgani kabi, Hazrat Junayd Bag‘dodiyning ham hoklarini olib kelib, ziyoratgohga aylantirgan” degan rivoyatlar ham yuradi [6].

Bu ziyoratgoh Nishon tumani Otquduq qishlog‘i yaqinida, Nishon cho‘lidagi bir tepalikda joylashgan. 2017-2018 yillarda Eski Nishonda yashovchi Saidqulov Nuriddinxon Xolto‘ra o‘g‘li o‘z mablag‘i hisobidan Hazrat Junayd Bag‘dodiyning ramziy qabrini qaytadan tiklagan va qabr ustiga gumbazli honaqoh qurdirgan [7]. Xonaqoh to‘rtburchak shaklda qurilgan ikki xonali imorat bo‘lib, usti gumbaz bilan yopilgan. Ziyoratchilar o‘tirib tilovat qilishlari uchun sharoit yaratilgan. Maqbara atrofi kengaytirilib, obod maskanga aylantirilgan.

Hozirgi kunda ushbu ob’ekt mahalliy aholi doim boradigan ziyoratgoh bo‘lib, bahor oylarida ekin-tikinlarning mo‘l-ko‘l hosili uchun qo‘y so‘yishib, Alloh yo‘lida ehson qilishadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

Dala tadqiqotlari. – Qashqadaryo viloyati Nishon tumani, 2024 yil 6 avgust.

Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashryoti, 2017.

Homidjon Homidiy. Tasavvuf allomalari. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.

Rayhonov I. Hazrat Junayd al Bag‘dodiyning hayoti va merosi. – Qarshi: Nasaf, 2017.

Navoiy A. Nasoyim ul-muhabbat. – Toshkent: O‘zbekiston, 2018.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani Eski Nishonda yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan Saidqulov Nuriddinxon eshon bilan bo‘lgan suhbat, 2019 yil 30 avgust. 4-daftar. (2019 yil oktabr oyida vafot etgan).

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani Otquduq qishlog‘idagi ziyoratgoh mutavallisi, 1981 yilda tug‘ilgan Boboyev Vohidxon eshon bilan bo‘lgan suhbat, 2024 yil 5 avgust.

Galereya