ASKAR IBN HUSAYN ABU TUROB AN-NAXSHABIY ( Nishon tumani)

ASKAR IBN HUSAYN ABU TUROB AN-NAXSHABIY ( Nishon tumani)

 

Askar ibn Husayn Abu Turob an-Naxshabiy. U taxminan 191/806 yilda Naxshab (hozirgi Qarshi) shahrida tug‘ilgan. Buxoro va Saraxs madrasalarida tahsil olgan. So‘fiylar orasida “ummatning Luqmoni” laqabini olgan Hotim al-Asom (to‘liq ismi: Abdurahmon Hotim ibn Unvon ibn Yusufi Balxiy. 146/763-237/851-852 yy.) dan tahsil olgan. Ustozi vafot etgach, u Shomga borib, ko‘plab hadislar yozib olgan. U Imom Shofe’iy kitoblarini mutolaa qilgan [1:592]. Bag‘dodga bir necha marotaba borgan hamda Ahmad ibn Hanbalning ilm majlislarida ishtirok etgan [2:284]. “Tazkirai Muhammad Boqir” asarida keltirilishicha, Naxshabiy Abu Abdulloh va Abu Ubaydlardan ta’lim olgan [3:366]. 

Abu Turob Naxshabiy Nu’aym ibn Hammod, Muhammad ibn Abdulloh ibn Numayr, Hotim al-Asom va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Undan Fath  ibn Shaxrof va uning o‘rtog‘i, Abu Bakr ibn Abu Osim, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, Yusuf ibn Husayn ar-Roziy, Ahmad ibn Jallolar rivoyat qilishgan [4: 485, 545-546].  

Abu Turob Naxshabiy ma’ruza va suhbatlarida insonlarni nafsni tiyib yurishga, sabr-qanoatli bo‘lishga, shariat, tariqat va ma’rifat yo‘lidan borishga chaqirgan. Zamondoshlari uni “Ma’no shohining mardoni”, “Taqvo osmonining oyi”, “Haqiqat ilmining orifi”, “qutbi zamon” deb ta’riflashgan. U haqida el orasida o‘nlab naqllar yoyilgan. Shulardan yigirmaga yaqini Muhammad Siddiq Rushdiyning “Avliyolar sultoni, turonlik avliyolar” kitobida (Toshkent, 1995) keltirilgan.

Abu Turob “sabrning buyuk timsoli” deya ulug‘langan. Allohdan hayo qilib, orqasini to‘shakka, boshini yostiqqa qo‘ymagan, mujohada va taqvosi bilan barchani hayratga solgan [5:70-71].

Ko‘plab olimlar, shayxlar Naxshabiyni ta’riflab iliq fikrlar bildirishgan. Masalan, Abu Abdulloh ibn Jallo: “Olti yuz [6:546] piri komilni ko‘rdim. Ularning orasida to‘rt mashoyixdan ulug‘rog‘i yo‘q edi. Ulardan biri Abu Turob Naxshabiydir”, degan bo‘lsa, Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida ma’lumotlar keltirib, allomani ehtirom bilan tilga olgan. Fariduddin Attor esa olimni tasavvufga asos solgan ilk so‘fiylar qatoriga kiritganini aytib, “u balo saflarini buzuvchi, taqvo devonining yagonasi, Haq Nabiyning merosxo‘ri, zamona shayxi, valiylik sahrosining sayyohi, faqir daryosining kemachisi, mashoyix ulug‘laridan, Xuroson tuprog‘idan edi”, deb ta’riflaydi [7:30].

Manbalarda keltirilishicha, shayx ko‘p marta haj safariga borgan. Uning vafoti ham safardaligida sahroda sodir bo‘lgani qayd etiladi. Abu Turob Naxshabiyning vafot sanasi adabiyotlarda turlicha ko‘rsatilgan. Ayrimlar uni 245/859 [8:266] yil deya qayd etsa, ba’zilar 274/887 yil [9:24] ni ko‘rsatgan. Ammo barcha manbalarda uning hajga ketayotib, sahroda vafot etganiga ittifoq qilishgan.

Hozirda Nishon tumani Eski Nishondan 2 kilometr chamasi uzoqlikda, sobiq Qarri Nishon mavzesida 2018 yilda Abu Turob Naxshabiy Nasafiy deb yozilgan qabrtosh topilgan [10:6]. Afsuski, birorta manbada Naxshabiyning jasadi vataniga keltirib dafn etilgani uchramadi. Qabrtosh yozuvidan uning ancha keyingi davrga oid ekanini ko‘rish mumkin. Yuqoridagi ma’lumotlar tahliliga asoslanib aytish mumkinki, Nishon tumanidagi Abu Turob Naxshabiy qabrini ramziy qabr deya xulosa qilish mumkin. Ammo, kelajakda tadqiqotchilar tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilsa, yangi xulosalarga ham kelish ehtimoli katta. Mazkur majmua ziyoratgoh “Shahid ota” yoki xalq orasida “Chillamozor”, deb ham ataladi.  

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI:

  1. Abu Amr Usmon ibn Abdurrahmon. Tabaqotul fuqaho ash-Shofe’iyya. J. 1.  – Bayrut: Dorul bashoir al-islamiyya, 1992. – B. 592.
  2. Burhoniddin Ibrohim ibn Muhammad. Al-maqsidul irshod fi zikri as’hob al-Imom Ahmad. J. 2. – Riyoz: Maktabat ar-Rushd, 1990. – B. 284.
  3. Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali Siddiqiy. Tazkirai Muhammad Boqir. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti. Qo‘lyozma. №1846.  – V. 36 b.
  4. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy. Siyar a’lam an-nubalo. J. 11. – Bayrut: Muassasat ar-risala, 1996.  – B. 485, 545-546.
  5. Hamidjon Homidiy. Tasavvuf  allomalari. – T.: O‘zbekiston, 2016. – B. 70-71.
  6. Zahabiyning asarida Ibn Jallodan keltirilgan rivoyatda: “1000 ta shayxni ko‘rdim, ammo Abu Turobdayini uchratmadim”, deya keltirilgan. Qarang: Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy. Siyar a’lam an-nubalo. J. 11. – Bayrut: Muassasat ar-risala, 1996. – B. 546.
  7. Navoiy A. Nasoyim ul-muhabbat. – Toshkent: O‘zbekiston, 2018. – B. 28-31.; Fariduddin Attor. Tazkirat ul avliyo. Nashrga tayyorlovchi va so‘z boshi muallifi A.Madraimov. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2017. – B. 30.
  8. Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali Siddiqiy. Tazkirai Muhammad Boqir. O‘zR FAShI. Asosiy. Qo‘lyozma. №1846. – V. 36b.; Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy. Siyar a’lam an-nubalo. J. 11. – Bayrut: Muassasat ar-risala, 1996. – B. 546.; Ahmad ibn Ali ibn Sobit (Xatib Bag‘dodiy). Tarixi Bag‘dod. J. 14. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islamiy, 2002. – B. 266.  
  9. Hamidjon Homidiy. Tasavvuf allomalari. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016. – B. 70.; Nosir Muhammad. Nasaf va Kesh allomalari. (IX-XX asrlar): Tazkira. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2006. – B. 24.
  10. Rayhonov I. Abu Turob Naxshabiy an-Nasafiy. – Qarshi: Nasaf, 2018. – B. 6.

Galereya