SHAYX SHIBLIY ZIYORATGOHI (Qarshi tumani)

SHAYX SHIBLIY ZIYORATGOHI (Qarshi tumani)

 

Qarshi tuman markazi Bishkent shahridan 12 kilometr uzoqlikda, Qarshi shahrining janubi-g‘arbiy qismidagi Shilvi qishlog‘ida Shayx Shibliy ziyoratgohi joylashgan [1:148]. Mazkur qadamjo Sharqning buyuk avliyolari darajasida bo‘lgan hamda tasavvuf, fiqh ilmida barchadan ulug‘ bo‘lgan mashoyihlardan biri shayx Shibliy nomi bilan bog‘liq.

To‘liq ismi Abu Bakr Dulaf ibn Jaxdar ibn Ja’far bo‘lgan Shibliy xazratlarining ota-bobolari asli O‘ratepalik bo‘lib, keyinchalik Bag‘dodga ko‘chib borishgan. Bag‘dodlik so‘fiy, manbalarda bayon etilishicha taxminan milodiy 861-yilda Samarra kentida tavallud topgan. “Shibliy” atamasi “arslon bolasi” degan ma’noni anglatadi. Yoshligidan ilm-ma’rifatga qiziqqan. Bag‘dod shayxlaridan Abulxayr Nassoj, Junayd Bag‘dodiy uning ustozi bo‘lgan. Shuningdek, Mansur Hallojning ham shogirdi, maktabdoshi edi. Shayx Abu Bakr Shibliyning otasi Xalifaning bosh hojibi, amakisi Iskandariyada Amir ul Umaro bo‘lgan. Shibliyning o‘zi xalifa al-Muffaqning hojibi vazifasida ishlagan. U 40 yoshida shimoliy Erondagi Damovand viloyati voliysi etib tayinlangan. Biroq, to‘satdan bundan voz kechib Bag‘dodning mashhur sufiylaridan Xayr un-Nassoj huzuri (majlis)da tavba qilib, sufiylikni ixtiyor etgan [2:118]. Hissiyotga beriluvchan xarakterdagi Shibliy dastlab Mansur Halloj targ‘ib etgan “o‘ta” sufiylikka moyillik bildirgan. Biroq, ta’qiblar Mansur Hallojning qatl etilishi uni o‘z qarashlarini o‘zgartirishga, Junayd Bag‘dodiy mavqeyini tutishga majbur etgan [3:575].

Shibliy Junayd Bag‘dodiyning suhbatidan fayz olgan. Yigirma yil umrini roviylardan hadis yozib olishga, yigirma yil umrini esa fiqh asoslarini o‘rganishga sarflagan. Shibliyga hadislarni Muhammad ibn Bassoriy, Abu Bakr Abhariy, Abu Bakr Roziy, Abu Saxd Sa’luniy, Husayn ibn Ahmad Saffor rivoyat qilganlar. Shibliy zamonasining ulug‘ mashoyihlari qatoridan joy olgan. Tasavvuf va fiqh ilmida barchadan ortiq edi [2:118-119].

Abdurahmon Sulamiy, Abulqosim Qurayshiy kabi tasavvuf donishmandlari Shibliyning noyob fazilat va hislatlari haqida g‘aroyib hikoyatlar yozib qoldirishgan. Undan ko‘plab kitob va hikmatlar qolgan. Ba’zi ilmiy manbalarda keltirilishicha, diniy-huquqiy (fiqhiy) va Qur’on ilmlarida alloma Abu Bakr Shibliy bu sohadagi eng kuchli ulamolardan qolishmagan va hatto ulardan ustun bo‘lgan. U arab tilida ijod qilgan tasavvuf shoiri edi.

Shayx Shibliy Haq yo‘liga o‘ta berilgani, hamisha ilohiy shavq darajasida yurgani uchun xalq uni “telba” deb,  bir necha bor jinnixonaga olib borib tashaganlar. Shayx Shibliy aytadi: Mansur Halloj bilan ikkimiz bir edik. Meni devonalikka nisbat qildilar, bu sabab bilan men qutildim. Husayn Mansurni o‘z ahli halokatga yetkazdi [4:448].

Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Shayx Shibliy nomi alohida ehtirom bilan tilga olingan:

SHIBLIY VA G‘ASSOL

Shibliy o‘limi yaqinlashgan paytlarda bir juma kuni o‘zida yengillik sezdi. Xodimi Bakir Dinavariyga dedi:

Meni masjidga olib bor!

Uni yetaklab borayotganda yo‘lda birov uchradi. Shibliy Bakirga dedi:

Ertaga tongda bu kishiga bir yumushimiz bor.

Bakir debdurki, namoz o‘qib kelgan oqshom Shibliy dunyodan o‘tdi. Ertasi tong saharda menga dedilarki, falon mahallada bir solih kishi bor. O‘likni yuvish uchun o‘sha kishini kelturmoq kerak. Ul kishining uyini topib, eshik qoqdim. Ichkaridan eshik oldiga kelib so‘radi:

- Shibliy o‘ldimi?

Men hayron qolib so‘radim:

Shibliy o‘lganini qaydan bildingiz?

Dedi:

- Ey nodon bugun menga yumushi borligini u qaydan bilgan edi?

Eshik ochilgach ko‘rdimki, bu – o‘sha Shibliy ertaga bu kishiga bir yumushim bor, degan kimsa ekan [5:56-57].

Shayx Shibliy 956 yilda 87 yoshida vafot etgan. Qabri Bag‘dod yaqinidagi Hizron qabristonida [2:119].

Xo‘jand atrofi, O‘ratepa hamda Toshkent viloyatida Shibliy nomi bilan bog‘liq qishloq va guzarlar, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida Shayx Shibliy nomli ramziy ziyoratgoh bo‘lib, bu Shibliy kabi donishmand va buyuk ulamoning yurtimizdan ekanligi belgisidir.

 

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI

 

  1. Akbarov R. Qarshi tuman tarixi. – Toshkent: Toshkent islom universiteti, 2016.
  2. Xomidiy X. Tasavvuf allomalari. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.
  3. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashryoti, 2017.
  4. Fariduddin Attor. Tazkirat ul-avliyo. Nashrga tayyorlovchi va so‘z boshi muallifi A.Madraimov. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot matbaa ijodiy uyi, 2017.
  5. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. Olimjon Davlatning nasriy bayoni. Ikkinchi nashr. – Toshkent: O‘zbekiston, 2018.

Galereya