SULTON MIR HAYDAR ZIYORATGOHI (Kasbi tumani)

SULTON MIR HAYDAR ZIYORATGOHI (Kasbi tumani)

Sulton Mir Haydar ziyoratgohi Kasbi tumani Kasbi qishlog‘ida joylashgan. Mir Haydar otaning asl ismi Amir Shamsiddin Mir Haydar Ali Xoja Haydar Xurosoniy (1275\1365) [1:20-21] bo‘lib, avval Xuroson Qoyim, Makkada, so‘ng Misr shahrida tahsil olgan. 14 yoshida imom maqomiga erishib, fiqh, hadis, Qur’on va din ilmi sohibi, olim bo‘lganlar [2:82]. Kasbi tumanida din ilmi sohibi Sulton Mir Haydar (1275-1365) nomi bilan bog‘liq yodgorlik majmui qad rostlagan. Mahalliy aholining qayd etishicha, dastlab olim o‘zi tug‘ilgan manzilda, Kasbida dafn etilgan, biroq turli sabablar bilan ikki marta hoki boshqa joyga ko‘chirilgan Polvoni Ahmad Xorazmiy nomi qayd etiladi, keyingi yillarda olimning hoki yana qayta olib kelinib Kasbida dafn etilgan [3].

Amir Shamsiddin Mir Haydar Ali Xoja Haydar Xurosoniyning hayoti to‘g‘risida ma’lumot keltiriladiki, hali dunyoga kelmay turib ilohiy bashorat ila Hoja Shamsiddin haqida Hakim ota Sulaymon bashorat qilganlar. 673 hijriy-qamariy Ramazon oyining o‘ninchi kuni subhi tong mahali (1275 milodiy) Jamoliddin Shayx Hazratining uylarida Mohinurbibi onamizning dardlari kuchaydi. Ovsinlari Sokinoyinurni doyani chaqirib kelishga yubordi... To‘rtinchi farzand dunyoga keldi. U ul aziz inson Xurosonning Qoyim shahri Sho‘rdaryo bo‘yida dunyoga keldilar [1:20-21]. Xoja Sayyid Jaloliddin o‘z farzandini ukasi Sayyid Muhammad Abdullohga farzandlikka beradi. Sayyid Muhammadning farzandi bo‘lmagan va Xoja Shamsiddinni tarbiya qilgach o‘zlari ham farzandli bo‘lgan.

Xoja Shamsiddin zehnli bo‘lib, yetti qiroat Qur’on qorisi Shayx Jaloliddin Qo‘qoniy unga saboq berdi. Ul zot asli Qo‘qon shahridan bo‘lib, forsiy, arabiy tilda ravon so‘zlar edi va o‘z yurtida fitna dastidan Sho‘rdaryo bo‘yiga kelib qolgan edi [1:22-24]. Sohibkaromat Mir Haydar ota asli hazrat Ali va Bibi Fotima onamizning imom Husayn avlodidan bo‘lgan yetuk olim va olim inson edilar. U kishi Buxoroda Sayyid Amir Kulol Xojadan ham haqiqatga yetmoqlikdan saboq olganlar [1:38].

Amir Shamsiddin Mir Haydar Ali Xoja Haydar Xurosoniy Xorazmda 30 yoshda, 31 yoshda Buxoroda, 32 yoshda esa Kasbida manzil topganlar [1:29-30].

...Mir Haydar otaning tavallud yilini hijriy 673, milodiy 1275 yili deb qabul qiladigan bo‘lsak, u zot hijriy 766, milodiy 1365 yilda vafot etganligi sanasini aniqligiga ko‘ra 90 yil umr ko‘rgan bo‘ladilar [2:82]. Yuqorida aytilganidek, olim hoki qayta hozirgi Kasbida dafn qilingan.

Olim L.Yu.Mankovskaya XX asrning 50-yillarida Sulton Mir Haydar majmuasi qarovsiz qoldirilgani va omborga aylantirilganini aytishga jur’at topa olgan. Sulton Mir Haydar ota majmuasi haqida dastlabki tadqiqotlarni S.K.Kabanov, 1960-yillarning boshlarida R.R.Abdurasulov, L.I.Rempel, 1970 yillarda L.Yu.Mankovskaya, A.Z.Zayniddinov e’lon qilgan [4:81-84]. 1989 yilning yanvaridan maqbarani tartibga keltirish, esdalik lavhini qo‘yish ishlari amalga oshirilgan. Masjid va minora yo‘laklari tuproqdan tozalanish davrida turli tarixiy osori-atiqalar topilgan [3]. Arxiv hujjatlarida vohadagi boshqa me’morchilik obidalariga nisbatan mazkur yodgorlik o‘tgan asrning 70-80-yillarida arxeologik va me’morchilik nuqtai nazaridan keng o‘rganilganligi ko‘rsatiladi [5:18-37].

Sulton Mir Haydar nomi bilan ataluvchi obida turli davrlarda qurib bitkazilgan uch guruh binolarni o‘z ichiga oladi, ular: XIV asr dahmalari, XV asr qabrtoshlari, XVI asr masjid binosidan iborat [6:24-30]. Mazkur tarixiy-me’moriy yodgorlik ansambli XI-XVI asrlarda barpo qilingan. Yodgorlikning umumiy maydoni atrofidagi qabristonlar bilan birga 166,4 gektardan iborat. Uning yonidagi tepalik esa, “Kasbi qo‘rg‘oni” deb atalib, 2,8 gektarni tashkil qiladi. Bu ansambl atrofida Sulton Mir Haydar maqbarasi, uch gumbazli maqbara, chillaxona, Said Mir Mo‘min Samarqandiy qabri, ayvon, minora, qishki va yozgi masjidlar, hayit namozi o‘qiladigan namozgoh tarixiy yodgorligi, ikkita yopiq va bitta ochiq sardobalar mavjud. Yer ostidan topilgan sardoba Qoraxoniylar davriga mansub bo‘lib, VII-IX asrlarda qurilganligi aniqlangan [7:85-89].

Xususan, XI-XIV asrlardagi maqbaralarning yog‘ochli gruppasi uch binodan iborat bo‘lgan. Bunda ikki dahma oldidagi yo‘lakcha xizmatini bajaradigan o‘tish yo‘li eng kichkinasi hisoblanadi. Bu joyda ziyoratxona kichik, shu boisdan ham uning qatorida, chamasi, XVI asrda markaziy hovli g‘arb tarafida yozgi masjid-ayvon qad ko‘targan. Ziyoratxona bilan bir necha daxmani birlashtiradigan dahlizli yagona bino XІ-XVI asrlardagi maqbara qurilishlarida ma’lum edi. Binolarning qurilish uslubi o‘zgarganligi sababli, XIV asrning ikkinchi yarmida kompozitsion ko‘rinishi takomillashdi (masalan, Shahrisabzdagi “Dor us-saodat” kompleksi) [8:20-24].

Kasbidagi maqbaralar arxitekturasida Pudina va Qovchindagi maqbaralarning allaqachon bizga tanish bo‘lgan shakli va detallari turli variantlarda ko‘zga tashlanadi; bunda pastki chor qirraliklar ravoq qanoslarining qatlaridan tikka qilib ajratib qo‘yilgan; devorlarida kichik mehrobiy uchtadan tokcha yasab hatto ular oralig‘ida chiroqlar uchun tutun yo‘li ham qilingan. Ravoqlarning burchak qo‘ltiqlarida mayda kosali muqarnaslar bor, bu uslub XIV asrning birinchi yarmiga xosdir. Mayda yassi g‘ishtlarga ko‘ra, ular ancha oldingi davrda qurilgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Birinchi maqbara Said Amir Shamsiddinbek al Hoji Haydarniki bo‘lib, qabr ustiga qo‘yilgan to‘q kulrang marmar sag‘anada uning hijriy 897 yilda (1491) yilda) qo‘yilganligi bitib qo‘yilgan. O‘rtadagi hovlining sharqiy tomonida alohida turgan maqbara ham, chamasi, XIV asrning boshlariga oid bo‘lsa kerak.

Qishki masjid mustaqil ravishda hovlining janubiy tomonidan dahma bostirmasiga tutashtirib qurilgan. Qalqonsimon yirik qanosi, ravoqlarning tartibsizligi, g‘isht devor va shuvog‘ining pala-partishligi  bu masjid ancha keyinroq XIII-XIX asrlarda barpo etilganligini bildiradi. Binoning o‘rta qismi keng hamda fasadi bo‘ylab yassi peshtoq va orqa tomondan to‘g‘ri burchagi turtib chiqarilib qo‘yilgan. Pastakkina gumbaz yassi qalqonsimon qanoslar ustida turibdi. Devordagi ichki tokchalarning burchaklari ravoq asosidan yasalgan, qirralar bilan bezatilgan tokchalar esa XІ-XІІ asrlardagi yodgorliklar shakliga nisbat etilgan. Sodda, uncha aniq bo‘lmagan, ba’zan aralash shaklli bu masjid XVII asrdan burunroq qurilgan deyishga imkon bermaydi. Old tomondagi minora esa terib olingan eski g‘ishtlardan qurilgan, ular orasida Kasbidagi vayron bo‘lgan imoratlarning mayda, o‘rta asrga oid g‘ishtlari ham uchraydi. Minora ulkan emas, tanasi yuqoriga qarab ingichkalashib boradi, tepasida muazzinxona bor. Bu yerda fonarning diametri minora tanasidan kichikroq, bu XІX asrning oxiri – XX asrning boshlariga xosdir. Uning pastki qismi bir necha marta ta’mir etilgan. Bu masjid aslida Sulton Mirhaydar kompleksidagi juma masjidi xizmatini o‘tagan deyish mumkin, chunki Kasbi qishlog‘idan 1-2 kilometr g‘arbroqda yana bitta namozgoh masjid saqlanib qolgan [7:87].

Mahalliy rivoyatlarga ko‘ra, u 370 yil burun, ya’ni XVI-XVII asrlar bo‘sag‘asida qurilgan. Rejaga ko‘ra, bino to‘g‘ri burchakli, uning bir-biriga o‘tadigan besh gumbazli xonalari fasad oldidagi juda keng sahnga qaratib solingan. Gumbazlarning asosi bir xilda, o‘rtadagi xona bir oz kengroq va mehrob taxmoni besh qirrali bo‘lib, tashqariga turtib chiqqan. Masjidning yengil, hajmdor shakli, tuzilishi va bezaklarining o‘ziga xosligi bu obida XVI-XVII asrlarda bunyod etilgan deb ko‘rsatishga imkon beradi [9:48].

Sulton Mir Haydar majmuasidagi qabr ustiga qo‘yilgan to‘q kulrang marmar sag‘anada uning hijriy 897 yilda (milodiy 1491) qo‘yilgani bitilgan. Maqbara yonidagi minora XIX-XX asrga tegishli hisoblanadi [10:3-8].

Ta’kidlash lozimki, Sulton Mir Haydar maqbaralar majmuining qurilish uslubi Shahrisabzdagi Dor us-saodat, Kosondagi Qusam Shayx ansambliga o‘xshaydi. Bu uslub XIV asrga xos bo‘lib, Temuriylar me’morchilik uslubini takrorlaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

Choriyev A. Hazrati Sulton Mir Haydar ota manoqibi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2017.

Ravshanov P. Sulton Mir Haydar ota darajoti. – T.: Yangi asr avlodi, 2014.

Dala tadqiqotlari. – Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani. 2024 yil 26 may.

Madaniy meros agentligi arxivi. KD-9712 fond, 3-ro‘yxat, 34-ish, 81- 84-varaqlar.

Madaniy meros agentligi arxivi. KD-9686 fond, 3-ro‘yxat, 34-ish, 18- 37-varaqlar.

Абдурасулов Р.Р., Ремпель Л.И. Неизвестные памятники бассейна Кашкадарьи // Искусство зодчих Узбекистана. − Ташкент: АН РУз, 1962.

Mankovskaya L.Yu. Qashqadaryo vohasining arxitektura yodgorliklari. – Toshkent: O‘zbekiston, 1979.

Madaniy meros agentligi arxivi. KD-9685 fond, 13-ro‘yxat, 34-ish, 20-24-varaqlar.

Raimqulov A. Qashqadaryo vohasining o‘rta asr shaharlari. – Qarshi: Nasaf, 2018.

Madaniy meros agentligi arxivi. KD-9686 fond, 3-ro‘yxat, 34-ish, 5-8-varaqlar.