QUSAM SHAYX ZIYORATGOHI (Koson tumani)

QUSAM SHAYX ZIYORATGOHI (Koson tumani)

Qarshi shahridan 15 km shimoli-g‘arbda Koson tumani Pudina qishlog‘ida Qusam Shayx ziyoratgohi joylashgan [1]. Yassaviy tariqatining targ‘ibotchisi, Naqshbandiya tariqatining poydevorini yaratgan zot, ulug‘ avliyolardan biri Xonzoda Muhammad al-Mashhur Kurraxoja Atoyi o‘g‘li Qusam shayx XI asrning oxiri (1198-1199) va XIV asrning o‘rtasida (tax.1336-1338 yillarda) yashagan islom olamidagi shayxlardan biridir. Ibn Muhammad Qusam shayxning faoliyati Qashqadaryo viloyati Koson tumani Pudina qishlog‘i bilan bog‘liq bo‘lgan. Chunki Qusam shayx Turkistonda Ahmad Yassaviy xonadonida (qiz tomondan evarasi) tug‘ilgan bo‘lsa ham, umrining deyarli yuz yilini Pudina hududida o‘tkazdi. U Ahmad Yassaviy Hazratlarining nevaralari Gavhar Shahnozbegimdan tug‘ilgan bo‘lib, ota tarafi Buxorolik Husayn shayx Atoyi avlodlaridan, ya’ni Xonzoda Muhammad Hojadir. Oilada 5 nafar o‘g‘il dunyoga keladi [2:4] va Qusam Muhammad to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan, ukalari: Is’hoq Muhammad va Mansur Muhammad bilan birga arab mamlakatlariga borib islom ilmlarini mustahkamlab qaytayotganlarida mo‘g‘ul istilosi tufayli ikki ukasining hayotini boy beradi. Ularning qabri shu joy: Nasafda qolgani bois o‘zi ham islom madaniy markazlaridan bo‘lgan Pudina qishlog‘ida yashab qoladi. Mahalliy boylardan biri u kishiga yeridan vaqf qilib ajratib beradi. U kishining doim yonida yuradigan Sevinch ota degan xizmatkori bo‘lgan [3]. Aytish kerakki, hozirgi Pudina qishlog‘i Qusam Shayx yashagan davrda ayniqsa gullab yashnagan. Bu joy qadimda Nasaf shahri hududiga kirgan bo‘lib, Nasaf shahri IX-X asrlarda nafaqat Turonda, balki musulmon mamlakatlari e’tibori tushgan markaz va Buyuk Ipak yo‘lining asosiy savdo hududi hisoblangan. Karvonsaroylar, masjid, madrasa, xonaqoh, savdo timlari, xammomlar, rabot va musofirxonalar ishlab turgan. Madrasalarda ilmu toliblar diniy va dunyoviy sohalardan ta’lim olgan. Pudinaning madaniy markaz bo‘lishida Qusam Shayxning xizmatlari kattadir. Pudina maktabida Sayyid Amir Kulol, Shamsiddin Kulol, Bahouddin Naqshband va boshqa allomalar ta’lim olgan.

Qusam shayx hazratlari haqida ulug‘ shoir Abdurahmon Jomiy o‘zining “Nafosat ul-uns” asarida: “Muhammad Qusam Atoyi turkiy shayx bo‘lib, Ahmad Yassaviy avlodidandur, Bahouddin Naqshbandning ustozidir” - deya qayd etgan [4]. Mutafakkir va shoir Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-Muhabbat” asarida “Shayxlar Shayxi” deb e’tirof qiladilar. Shu bilan birga: Qusam shayx turk shayxlaridandir. Xoja Ahmad Yassaviy (qs) avlodidan. Xoja Bahouddin Amir Sayyid Kulol − u kishiga ijozat berganlaridan so‘ng Qusam shayx xizmatiga bordilar... Hoja Bahouddin Qusam shayx xizmatida uch oyga yaqin bo‘ldilar. Oxiri shayx Hojaga ijozat berib dedi: − “To‘qqiz o‘g‘lim bor. Sen ularning barchasidan ulug‘roq va muqaddasroqsan”... – deb yozgan edilar [5:118-119]. Nasaflik avliyo Sayyid Amir Kulol Buxoroda Hoja Bahouddinga ta’lim berib bo‘lgandan so‘ng, Pudina markazining otasi Bohouddin shayxdan borib ta’lim olishini buyuradi [6:12]. Qusam shayxning mudarrislik faoliyatini e’tirof etgan holda, Pudinada hadisshunoslik maktabiga asos solganini ta’kidlash lozim. Hazrat o‘z xizmatining e’tirofi mukofoti tariqasida “Shayxlar-shayxi” deb atalgan.

Koson tumanining Pudina qishlog‘ida Qusam Shayx nomi bilan bog‘liq XI asrga tegishli arxeologik yodgorlik tarixi haqida sovet yillarida arxeolog olimlardan R.Abdurasulov, L.Rempel, L.Mankovskaya tomonidan o‘tkazilgan ekspeditsiya haqidagi maqola va risolalarda tilga olinadi. Arxeolog olimlar Qusam Shayx me’moriy yodgorligidagi eng qadimgi maqbaralar X-XI asrda bunyod etilganligini aniqlashgan [7:30; 8:98-99]. Qusam ota ansambliga kiraverishda uncha katta bo‘lmagan darvozasimon uchta imorat bo‘lib, ular orqali ziyoratchilar ansamblning markaziga boradilar. Birinchi darvozaning asosi uning qadimgiligini rad etadi. Darvoza devori X-XI asr g‘ishtlaridan ham terilib, asosan XVI-XVII asrlarda qurilgan. Oxirgi qurilish ishlari XIX asrni ko‘rsatadi. Ikkinchi darvoza kichikroq, yonlari guvala bilan o‘ralgan bo‘lib, ikkita xonasi ham bor. Yon tomonidan Sevinch ota mozoriga chiqiladi. Sal nariroqdagi hiyla yirik gumbazli masjid ikki bosqichda qurilgan. Keng chortoq xonali, uchli gumbaz bilan yopilgan bo‘lib, u XVII-XVIII asrlardan oldin qurilmagan, g‘ishtlarining pala-partish terilganligiga va ravoqlari hamda qanoslarining qo‘pol shakliga qaraganda XIX asr oxiri va XX boshlarida qurilgan. Bunda yangi devor burchaklari bo‘ylab g‘ilof sifatida eski devorga qarab cho‘zilib  borgan. Shunday qilib, xonaning asli mo‘ljali o‘zgargan. Tashqarisida ikki tomonlama sinchli peshayvon qurilib, bino mahalla masjidiga aylantirilgan [8:74-76]. Qusam Shayx me’moriy yodgorliklar ichida eng qadimiysi Is’hoq ota nomi bilan yuritiladigan maqbara, unga yondosh bo‘lgan ikkinchi maqbara bo‘lib, XI-XIII asr boshlari bilan davrlashtiriladi.

Arxeolog olim L.Yu.Mankovskayaning keltirishicha, Qusam Shayx maqbarasi (XI-XII asrlar) joylashgan hovlining shimol tomonidagi maqbara ham ancha qiziqarli, u handaqsimon yo‘laklar orqali asosiy kompleks bilan tutashtirilgan. Bir rivoyatga ko‘ra, eng qadimgi sag‘analardan birida Is’hoq ota, boshqa rivoyatlarga ko‘ra – Sog‘otoyxon dafn etilgan deyiladi. Markazlashgan to‘rtburchakli bu maqbara peshtoqi juda sodda. O‘rta Osiyodagi eng qadimgi yodgorliklardan biri hisoblangan bu maqbara X asrning oxirida qurilgan bo‘lishi mumkin. U bilan janubiy kompleksning ziyoratxonaga o‘xshash maqbarasi birlashtirilgan. Bunda devorlariga chiroqlar qo‘yiladigan uch qavatli tokchalar bor. Uning devorlari XIV asr o‘rtalaridagi sag‘ana g‘ishtlarning parchalari bilan qoplanib shuvalgan. Bu ham ko‘hna obidalardan bo‘lib, tarixiy-arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, uning qurilgan vaqti XI asrning oxiri – XIV asrning boshlariga to‘g‘ri keladi [8:77].

Majmua bir vaqtda emas, XI-XIX asrlar davomida qurilgan [9]. Yodgorlik markazida Qusam Shayx hazratlarining maqbarasi, ziyoratxona va ikki kichik dahma, uning oldida to‘qqiz gumbazli masjid joylashgan. Majmua hovlisida keyinchalik qurilgan masjid va avvalgi davrga oid quduq, hovuz joylashgan [7:30]. Qusam ota majmuasi tarxi bezatilishi nuqtai nazaridan Shohi Zindadagi Ali Nasafiy amaliy naqshinkorligiga umumiy yaqinligi bor. Bu yodgorlik Markaziy Osiyo me’morchiligining eng qadimiy va noyob namunalaridan biridir. Ta’kidlash lozimki, Kosondagi Qusam Shayx ansambli uslubi XIV asrga xos bo‘lib, Temuriylar me’morchilik uslubini takrorlaydi [8:87;10:48].

1990-1995 yillarda Qusam Shayx majmuasi qaytadan ta’mirlanib, masjid oldidan Sevinch ota, Mansur Muhammad hamda Is’hoq ota maqbaralariga yo‘lakchalar qurilgan. 2020 yilda “Qusam Shayx” ziyoratgohida kapital  ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, yo‘l ko‘rsatgichlar o‘rnatildi [11].

 

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI:

 

 

  1. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi ma’lumoti. – Shahrisabz shahri, 2024 yil 26 may.
  2. Ashurova Sh., Axmedova Q. Qusam Shayx. – Qarshi: Nasaf, 2005. – B. 4.
  3. Qashqadaryo viloyati Koson tumani Pudina qishlog‘ida  yashovchi, 1952 yilda tug‘ilgan Norov Ro‘zimurod bilan qilingan suhbat. Ziyoratgoh mutavallisi.  2024 yil 25 may.
  4. Madaniy meros agentligi arxivi. KD-9720 fond, 4-ro‘yxat, 97-ish, 13-18-varaqlar.
  5. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-Muhabbat. Hikoyalar va hidoyatlar. – Toshkent: O‘zbekiston, 2018. – B. 118-119. 
  6. Abdul Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali. Bahouddin Balogardon. – Toshkent: Yozuvchi, 1991. – B. 12. 
  7. Абдурасулов Р.Р., Ремпель Л.И. Неизвестные памятники архитектуры бассейна Кашкадарьи // ИЗУ (Искусство зодчих Узбекистана). Вып. l.  – Ташкент, 1962. – С. 30. 
  8. Mankovskaya L.Yu. Qashqadaryo vohasining arxitektura yodgorliklari (Yo‘l ko‘rsatkich). – Toshkent: O‘zbekiston, 1979. – B. 74-76.
  9. Madaniy meros agentligi arxivi. KD-9112 fond, I-ro‘yxat, 97-ish, 10-16-varaqlar.
  10. Raimqulov A. Qashqadaryo vohasining o‘rta asr shaharlari. – Qarshi: Nasaf, 2018. – B. 48.
  11. Dala tadqiqotlari. – Qarshi shahri, 2024 yil 26 may.