Qarshi tumani Qovchin qishlog‘i Bishkent shahridan 5 km uzoqlikda joylashgan hududda Abu Mu’in Nasafiy nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh, majmua mavjud [1:96-98]. Hadisshunoslik, fiqh, kalom ilmi ravnaqiga hissa qo‘shgan Abu Mu’in Nasafiy (1027-1114) nomi ham islom madaniyati dunyosida alohida o‘rin tutadi [2:19-20; 32-35]. O‘z davrining yetuk olimlaridan sanalgan Abu Mu’in Nasafiy kalom ilmi asoschilaridan biri Imom Abu Mansur Moturidiy (870-944) ning shogirdlaridan bo‘lgan. U imom, fozil, usuliyotchi, mutakallim, faqih, hofiz, nahv (grammatik) fanlariga doir 15 ga yaqin asar yozgan. Abu Mu’in Nasafiyning kalom ilmiga bag‘ishlangan bosh asari “Tabsirat al-adilla” (Dalillar tilga kirganda) bo‘lib, u katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan eng yirik nodir asar hisoblangan. Uning din asoslari qismi ustozi Moturidiy uslubi asosida sharhlangan [3:262-265]. Shu boisdan Abu Mu’in an-Nasafiy islom ilmi dunyosida “Sohib at Tabsira” nomi bilan shuhrat qozongan. Asarning qimmatli tomonidan yana biri unda o‘sha davrda Movarounnahrda faoliyat ko‘rsatgan qator olimlar haqida muhim ma’lumotlar mavjud.
Olim o‘zining “Tabsirat al-adilla” asarida “Qasiyd al-qavoid fi ilm al-aqoid” nomli asari borligini keltirgan. Bu asar hozirgi kunda Istambul universiteti kutubxonasida 268-raqam ostida saqlanadi. Alloma “Tabsirat al-adilla”da “Al-Ifsod li had’ al-ilhod” nomli asari haqida gapirib, botiniy toifasiga mansub kishilarning xato qarashlariga raddiyalar keltirgan. Muallif qalamiga mansub “Iyzoh al-manhajjati fi kavn al-aqli hujjatan” deb atalgan asari borligi haqida o‘zining “Tabsirat al-adilla” va “At-Tamhiyd li qavoid at-tavhiyd” nomli asarlarida zikr qilgan. Shuningdek, an-Nasafiyning shu nomdagi asari borligi haqida boshqa manbalarda, xususan, al-Bag‘dodiyning “Iyzoh al-maknun” va “Hadiyat al-orifiyn” asarlarida ham zikr etilgan, lekin muallifning ushbu asari bizgacha yetib kelmagan. Abu Mu’in an-Nasafiyning “Manohij al-aimmati fi-l-furu’” nomli asari haqida al-Kafaviyning “Katoib a’lom al-axyor”, Abdulhay al-Laknaviyning “Al-Favoid al-bahiyya fi tarojum al- hanafiyya” va boshqa olimlarning asarlarida zikr qilingan [4:152-167]. Allomaning “Tamhid” kitobi “Tabsira”ning kirish qismi yoki fihristi shaklidagi asar hisoblanadi. U “Tabsira” ning kichik ko‘rinishidir. Olimning yana bir asari “Bahrul kalom” (“Kalom ilmi ummoni”) deb ataladi. Asar ilk marotaba 1886 yilda Bag‘dodda tosh bosma usulida nashr etilgan. 1911 yilda Misrda qayta nashr etilgan. 1997 yilda Damashqda arab tadqiqotchisi Valiyuddin Muhammad Solih Farfur tomonidan nashr etilgan. Allomadan katta hajmli asarlar meros bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, ularning aksariyat qo‘lyozmalari Qohira, Damashq, Istambul kutubxonalarida, ayrim nus’halari O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari fondida saqlanadi [5:11-12].
Abu Mu’in Nasafiyning ustozlari haqida manbalarda aniq bir ma’lumot yo‘q. Faqat Abu Muqotil as-Samarqandiyning (vaf. 208/823) “Kitob al-olim va-l-mutaallim” (“Ustoz va shogird kitobi”) nomli asarida keltirilishicha, an-Nasafiy o‘z asarlariga keltirilgan hadislarni otasi Muhammaddan rivoyat qilganligini qayd etadi. Shunga qaramasdan, an-Nasafiylar xonadoni sohiblarining ilmiy nufuzi, ayniqsa, hanafiya fiqhi ilmi sohasida elu yurt orasida yaxshi ma’lum edi. Abu-l-Mu’inning to‘rtinchi (katta) bobosi Abu Mu’in Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy bir qator asarlarning muallifi sifatida tanilgan olim bo‘lib, u Yaxya ibn Muoz (u 258/871 sanada Nishopurda vafot etgan), shuningdek, al-karromiya maktabining asoschisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Karromning shogirdlaridan edi. O‘z davrida u termizlik buyuk muhaddis Abu Iso at-Termiziy, shuningdek, Muhammad ibn Ayyub ar-Roziy, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal kabi o‘sha davrning mashhur olimlaridan hadislardan saboq olgan edi. U, shuningdek, Abu Sulaymon az-Juzjoniyga ham shogird bo‘lgan, undan esa o‘g‘li Abu-l-Mu’in Muhammad ibn Makhul hadislar rivoyat qilgan edi [4:155]. U hanafiya mazhabining to‘rtinchi tabaqa faqihlaridan biri edi.
Manbalarda bildirilgan fikrlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, Abu Mu’in Nasafiyning ota-bobolari islom ilmlari rivojiga hissa qo‘shgan olimlar bo‘lib, unga ustozlik qilishgan.
Abu Mu’in Nasafiyning Najmiddin Umar an-Nasafiy, Alouddin as-Samarqandiy, Abu Bakr al-Kasoniy, Abu-l Muzaffar at-Taloqoniy, Ahmad al-Pazdaviy, Abu-l Hasan al-Balxiy, Abu-l Fath al-Hilmiy, Abdurashid al-Valvolijiy, Mahmud as-Sog‘arjiy, Ali ibn al-Husayn as-Samarqandiy kabi ko‘plab hadis, fiqh, mutakallim, mufassir, usuliyotchi, hofiz kabi mashhur shogirdlari bo‘lgan [4:155-159].
Abu Mu’iyn Nasafiy nomi bilan bog‘liq ziyoratgohni L.Yu.Mankovskaya “A’zam dahmasi Imom Mu’in kompleksi”, deb ataydi va uni XІ-XVII asrlarga tegishli ekanligini ta’kidlaydi. Bu joy sahni devor bilan o‘rab olingan tashqi hovli, bir-biriga yondashib tushgan bir necha hujra, gavjum darvozali, to‘rtburchak ichki hovli mavjud. Hovlining o‘rtasida to‘rtburchak hovuz bor, yog‘ochdan qurilgan peshayvonli masjid eng qadmiy binolardan biridir. Masjidda mo‘jazgina chillaxona bo‘lib, u Imom Mu’in dahmasidagi murakkab bino bilan bog‘liq. Dahma arxitektura uslubi jihatdan o‘ziga xos baland ko‘lohi gumbaz bilan yopilgan. U o‘ymakor yog‘ochdan ishlangan naqshlar bilan bezatilgan. Go‘rxonaning shimoliy-g‘arbiy tomoniga qo‘pol ta’mirlangan XI-XII asrga tegishli bino kelib tutashgan. Sharq tomondan ham bino bo‘lib, u xonaqohga borib taqaladi. Uning bunyod etilgan vaqtini XVI asr oxiri – XVII asr deb baholash mumkin [6:79-82].
Hozirgi kunda ham bu joy xalq orasida “Imomi Mu’in” deb ataladi. Majmuada ayni chog‘da kirish darvozasi (3,5×3,5 metr, XIV asr), masjid, hovuz, “Toshquduq” (XIV asr, chuqurligi 18 metr, eni 0,80 metr) va qabriston bor. Bu yerda talabalar yashaydigan hujralar bo‘lgan. Shuningdek, karvonsaroy ham bunyod qilingan. 1968 yilda majmua devorining bir qismi qulab tushgan, devor orasidan XІІ asrda yozilgan Qur’on kitobi topilgan. Imomi Mu’in davridagi Balx tut yog‘ochidan usta Zarif yasagan lahv (60×110 sm.) hamda chirog‘don topilgan [7].
Mustaqillik yillarida ko‘plab allomalar qatori Abu Mu’in an-Nasafiyning hayoti va asarlarini ilmiy o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017 yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif chog‘ida Qarshi tumani Qovchin qishlog‘idagi kalom ilmi bo‘yicha taniqli olim Abu Mu’in Nasafiy majmuasiga bordi va mazkur ziyoratgohni qayta ta’mirlashga buyruq berdi. U yerda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, ziyoratgoh hududi 2,1 gektarni tashkil etadi. Majmua tarkibida kutubxona va Nasafiylar nomi bilan bog‘liq muzey tashkil qilindi, 500 o‘rinli katta masjid qurildi. Ziyoratgoh devori orasidan XII asrda Xitoy ipak qog‘oziga bitilgan Qur’on topilgan bo‘lib, kitobni bo‘yi 60 sm, eni esa 41 sm ni tashkil etadi. Kitob uchun balandligi 1 metru 60 sm bo‘lgan lahv yasalgan. Tarixiy ob’ekt atrofi katta qabriston bo‘lib, 50 gektardan ko‘proq maydonni egallaydi.
2020 yilda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida Madaniy meros agentligi ruyxatidagi asosiy ziyoratgoh binolar sifatida Abu Mu’in Nasafiy ziyoratgohida yo‘l ko‘rsatgich o‘rnatildi va tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Hozirda ushbu majmua ziyoratchilar bilan gavjum.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: