ODINA MASJIDI (Nasaf katta jome masjidi,Qarshi shahri, XlV asr).

ODINA MASJIDI (Nasaf katta jome masjidi,Qarshi shahri, XlV asr).

 

Odina masjidi Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman markazida joylashgan [1]. Sohibqiron Amir Temur 1385-1386 yillarda Samarqanddan Qarshi shahriga kelishida Qarshining markazidagi Qarshi registonida Odina masjidini qurdirgan [2]. Masjidning hozirgi o‘rni Qarshi shahrining “Eski shahar” qismida bo‘lib, Odina bog‘ida joylashgan. Qarshi masjid va madrasalarini M.Ye.Masson va N.A.Xanikov o‘rgangan.

Qarshi registoni nihoyatda orasta tutiladigan, shimoli-g‘arbdan janubi-sharq sari 70 m uzunlikda va 50 m kenglikda bo‘lgan chiroyli maydon bo‘lgan. Registonda M.Ye.Masson ta’riflashicha, “qo‘sh” (juftlik) me’morchilik majmuasini hosil qilib, Odina (juma) va Abdullaxon madrasalari mahobat bilan turadi. Registonning g‘arbiy qutbida qad rostlagan juma (Odina) masjidi tashqi jihatdan bezatilmagan bo‘lib, 50 x 40 m kattalikdagi to‘g‘ri burchakli tarxga ega edi. Burchak va oraliqlarga guldasta uslubida sayqal berilgan. Ichki hovliga olib kiruvchi eshiklarga tutash qurilgan tashqi qasr me’moriy jihatdan mumtozlik kasb etgan. Eshikdagi zulfin kattakon baliq shaklida yasalgan va kalit uchun o‘yiq joy qoldirilgan. Kalit ham ancha kattakon bo‘lgan. Ular chiroyli bo‘yab qo‘yilgan. Eshik zulfini ustida, Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasida bo‘lgani kabi, misdan ishlangan hajmi biroz kichikroq baliq shakli qoqib qo‘yilgan [3:78].

Registonning Odina masjidi va Abdullaxon madrasasi band qilgan joylardan tashqari qutblarini savdo do‘konlari egallagan edi. Janubi-sharqiy tomondan ana shu do‘konlar ortidan Sardoba gumbazi ko‘rinib turardi [4:590]. Keyingi asrlarda Registon maydoni hududida yana bir qancha jamoat binolari, asosan, madrasalar quriladi.

Odina masjidi 1860 yillar oxirida to‘pga tutilib vayron qilingan. Masjid gumbazi va minoralarining qoldiqlari 1914 yilgacha saqlangan. Sovet davrida Odina masjididan omborxona sifatida foydalanilgan [2]. 1938 yilda masjid atrofi baland devor bilan o‘rab olinib, qamoqxonaga aylantirilgan. M.Ye.Masson tadqiqotlariga ko‘ra, turmaxona ko‘chirilganda Odina masjidi o‘rnida Kepakxon saroyi bo‘lgan, degan xulosaga kelgan. O‘zFA Arxeologiya instituti tadqiqotchisi Abdusobir Raimqulov ilmiy izlanish olib borib, haqiqatdan ham bu inshoot o‘rnida Kepakxon saroyi bo‘lganligini aniqladi [5:19].

Odina masjidi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston moddiy va madaniy merosining ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi farmoyishiga muvofiq 2021 yil Odina masjidida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgan.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

 

  1. Dala tadqiqotlari. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri. 2024 yil 7 avgust.
  2. https://uz.wikipedia.org/wiki/Wiki/Odina_masjidi
  3. Массон М.Е. Столичные города в области низовьев Кашкадарьи с древнейших времен. – Ташкент: Издательство “Фан” Узбекской ССР, 1973.  – С. 78.
  4. Ravshanov P. Qarshi tarixi. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2006. – B. 590.
  5. Po‘latov S., Bo‘tayev A. Qarshi-qadimiy shahar. – Qarshi: Nasaf, 2006. – B. 19.