TOHIR-ZUHRA YODGORLIGI (G‘uzor tumani)

TOHIR-ZUHRA YODGORLIGI (G‘uzor tumani)

 

G‘uzor tumani Do‘ng Qovchin qishlog‘ida, xalqni vafo, muhabbat va sadoqatga da’vat etadigan Tohir-Zuhra yodgorligi mavjud. Xalq orasida Tohir-Zuhra ziyoratgohi haqida ko‘plab rivoyatlar bor, jumladan, sevgi va muhabbat ramzi bo‘lgan Tohir-Zuhra haqiqatdan ham shu yerda yashagan, - deb o‘ylashadi. Hayoti ayanchli yakunlangan bo‘lsa-da, mazkur afsona xalqimiz xotirasida abadiy muhrlangan [1]. Sevgi-muhabbat timsoli Tohir-Zuhra qabri ramziy ziyorat maskani hisoblanadi.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida G‘uzor tumani Do‘ng Qovchin qishlog‘i yaqinidagi Tohir va Zuhra yodgorligi changalzor ichidagi qabrdan iborat bo‘lgan. Sovet davrida eskilik sarqiti sifatida bir necha bor o‘t qo‘yib yuborilgan. Tohir va Zuhra qabridan 400-500 shimol tomonda Omonota tepaligi joylashgan. Bu tepalik tarixiy qo‘rg‘onning qoldig‘i bo‘lib, hozirgi kunda qabristonga aylantirilgan. Shu yerlik keksalarning aytishicha, qabr qazish vaqtida tuproq ostidan turli xil buyumlar, yog‘och ustunlar chiqqan. Tepalik ustida katta hovuz bo‘lgan. Tohir va Zuhra qabri bilan Omonxona o‘rtasida ikkinchi bir changalzor ham mavjud bo‘lgan [2:74]. Mahalliy aholi Tohir va Zuhra afsonasi go‘yoki, shu yerda bo‘lganday tasavvur qiladi.

Qarshidan Do‘ng Qovchin va Qoratikan qishlog‘igacha bo‘lgan qadimgi yo‘lga 1962 yilda asfalt yotqizilib, avtomobil yo‘li quriladi. Keyinchalik bu yo‘l Qamashi tumanigacha davom ettiriladi. Endilikda ushbu yo‘l  G‘uzor, Chiroqchi, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz va Kitob kabi oltita  tumanni viloyat markazi Qarshi shahri bilan bog‘lovchi magistral yo‘lga aylangan [3].

Qadimda Shahrisabz tog‘larida erigan qorlar Iskandarko‘l va Amir Temur g‘ori atrofiga yig‘ila borib Katta O‘ra daryoni tashkil etib, Boshchorbog‘ tog‘laridan boshlangan Kichik O‘ra daryo bilan G‘uzor tumanining Pachkamar mavzesiga kelib birlashgan. Ikki daryo qo‘shilishidan G‘uzor daryosi paydo bo‘lgan. G‘uzordan boshlangan bu daryo 30 kilometr masofani bosib o‘tgach, Do‘ng Qovchin qishlog‘idan o‘tib, Tohir va Zuhra ziyoratgohidan 2 kilometr narida Qashqadaryoga quyilgan. Shuning uchun ham daryolar o‘rtasida joylashgan bu joy qadimdan tabiati hushmanzara va insonlar yashashi uchun qulay bo‘lgan. 

 “Sharq yulduzi” jurnalining 1988 yil 8-sonida taniqli yozuvchi Ye.Berezikov Tohir va Zuhraning qabriga dahldor “Tirik afsona” asarini chop etgan. Muallif Do‘ng Qovchinlik qariyalarning hikoyalari asosida ikki yoshning go‘zal sevgisi haqida asar yaratgan [2:72].

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, tarixiy ob’ektlarga madaniy merosimiz sifatida davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan 1991-1992 yillarda Tohir va Zuhra qabristoni obodonlashtirildi. Bu yerda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Natijada ziyoratgoh chiroyli hiyobonga aylandi. Ziyoratgohga Tohir va Zuhra afsonasidagi voqealarga asoslangan asar qahramonlari haykallari majmuasi, favvora bunyod etilib, atrofga har xil manzarali daraxtlar ekildi. Endilikda bu hudud sayohatchilar diqqatini tortadigan go‘shaga aylandi.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

  1. Dala tadqiqotlari. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani, 2024 yil 20 iyul.
  2. Ergashov M. G‘uzor me’morchilik tarixi. – Toshkent: “Hilol mediya”, 2019. – B. 74.
  3. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi ma’lumoti. 2024 yil 7 avgust.