QUMCHO‘P OTA ZIYORATGOHI (Qarshi tumani)

QUMCHO‘P OTA ZIYORATGOHI  (Qarshi tumani)

Qumcho‘p ota ziyoratgohi G‘uzor tumanidagi Qumcho‘p qishlog‘ida joylashgan. Bu yerdan qadimda G‘uzor-Qarshi karvon yo‘li o‘tganligi sababli, ziyoratgoh atrofida qishloqlar va qo‘rg‘onlar ko‘p bo‘lgan. Avval qishloqning nomi Qovchin deyilgan, chunki bu yerda Qovchin urug‘iga mansub aholi yashagan. Mazkur joy o‘tgan asrning 70-yillaridan ziyoratgoh nomi bilan Qumcho‘p qishlog‘i nomini olgan [1]. Hazrati Qumcho‘p otaning asl ismlari Abu Ali Saidi bo‘lgan. Tahalluslari Qumcho‘p, Kumoyton ota deyilgan. Qumcho‘p otaning kelib chiqishlari sayyidlardan bo‘lib, Hazrati Ali avlodidan ekanligi haqida xalq orasida gaplar bor. Qumcho‘p ota ziyoratgohi (VIII-IX asrlar) mil. avv. VI-IV asrlardagi qadimgi qa’la-qo‘rg‘on o‘rnida paydo bo‘lgan. Mahalliy aholi Qumcho‘p otani Abu Muslim Nasafiy bo‘lgan, deb ham aytishadi [2:68].

Qumcho‘p tepaligi haqida xalq orasida rivoyatlar bo‘lib, bir cho‘pon tayog‘ini yerga qadab chakmonini ilib qo‘yib o‘zi o‘tin tergani kirishadi. Shu payt birdan bo‘ron boshlanib ko‘chib yuruvchi qumlardan tepalik paydo bo‘lgan emish. Shundan buyon bu tepalik “Qumcho‘p tepaligi” deb atalib kelingan ekan [1].

Arxeolog olim Abdisabur Raimqulovning yozishicha, VI asrda G‘uzor o‘rnida Yaloqtepa qo‘rg‘oni bo‘lib, bu davrda Qumtepa ham mavjud bo‘lgan. O‘rta asr yozma manbalarida G‘uzor rustoqida uchta shahar: Navqat-Quraysh, Subax va Iskifag‘n tilga olinadi. Bu yurtga tashrif buyurgan arab sayyohlari aynan G‘uzor degan shaharni tilga olmaganlar. G‘uzor yaqinida o‘rta asrlar yodgorligi bo‘lib, u G‘uzordan 6-7 kilometr shimolda joylashgan Xo‘ja Buzruktepadir. U Qumtepaga yaqin joylashgan. Qumtepa ham G‘uzor shahridan 8-9 kilometr shimolda joylashgan. Xo‘ja Buzruktepa o‘rta asr manbalarida tilga olingan Iskifag‘n shahrining bizgacha yetib kelgan xarobalaridir. G‘uzor va Iskifag‘n bitta shahar bo‘lgan. Termiz tomonga ketgan savdo yo‘li shu shahar orqali o‘tgan. Iskifag‘n so‘zi ibodatxona ma’nosini anglatgan. IX-X asrlarga kelib bu qa’la shahristonga aylangan [4:109-110].  Demak, Qumcho‘p ota hududi VII-VIII va IX-X asrlarda Kesh (Kitob-Shahrisabz)dan Navqa-Quraysh, Iskifag‘n orqali Kelif tomonga ketgan xalqaro savdo yo‘li ustida joylashganligi uning kengayib rivojlanganligini ko‘rsatadi.

2007 yil iyul oyining boshlarida Toshkentlik arxeolog Bahodir Roziqov bu yerda bo‘lib, u Qumcho‘p xarobalari ustida yuechjilar davriga, ya’ni I-IV asrlarga oid ikkita budda haykallarini aniqladi. Tarixchi olimning yozishicha, Qashqadaryo ahli miloddan avvalgi VI-IV asrlarda Axamoniylarga qarshi mudofaa devorlarini qurganlar. Kumcho‘p tepaligi himoya tizimidagi qal’a qo‘rg‘onlardan biridir. Aleksandr Makedonskiy lashkarlari bu qal’a devorlarini yakson qilishgan (miloddan avvalgi IV asrlar) [2:69].

Ziyoratgoh hududida ko‘plab sopol idishlar siniqlarini uchratish mumkin. Bahodir Roziqovning yozishicha, sopol siniqlarini ikkiga ajratsa bo‘ladi. Birinchi guruhdagilar yupqa, mo‘rt, birorta gul chiziqlari yo‘q. Ularni miloddan avvalgi   VI-IV asrlarda odamlar ro‘zg‘orda ishlatganlar. Ikkinchi guruh sopol siniqlari qalin, pishiq, rangi tiniq, bir-ikki gul chiziqlarini ko‘rish mumkin. Bu sopol idishlar milodiy ІX-XI asrlarga oiddir. Bundan tashqari neft to‘ldirib, o‘t qo‘yadilarda dushmanga qarab otadigan “mitti ko‘zacha”lar ham shu davrlarda ishlatilgan. Ziyoratgohdagi sopoldan yasalgan obdasta keyingi davrlarga xos.

Xususan, Qumcho‘p ota qabri joylashgan maqbaraning sharq tomonida turli xil toshlar bor, uni odamlar turli nomlar bilan ataganlar: “Chevar tosh”, “Chilla tosh”, “Polvon tosh”, “Balogardon tosh” va boshqalar. Ziyoratgoh yonida “Murod qudug‘i” bo‘lib, odamlar uni ham shifo, - deb bilishadi. Maqbara yonida noyob, kam uchraydigan terakning antiqa bir turi o‘sadi. Uni shu yerlik xalq patta yoki avliyo daraxti, - deb ataydi [1].

XX asrning 40 yillarida sobiq qishloq soveti raisi Ibrohim Sho‘ro (xalq u kishini shunday atagan) ziyoratga kelganlarni quvib haydagan, oxir oqibatda ko‘p o‘tmay o‘zi ham vafot etgan.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, muqaddas qadamjolar milliy ma’naviyatimiz va madaniy merosimiz sifatida qaytadan ta’mirlandi. 1992-1993 yillarda ziyoratgoh hashar yo‘li bilan mahalliy homiylar tomonidan pishiq g‘ishtdan qaytadan ko‘tarildi, masjid qurildi. Qishloqqa boruvchi yo‘lga asfalt yotqizildi, 200 metrli zovur qazildi. Hozir bu joy mahalliy aholi boradigan obod ziyoratgohdir.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

 

  1. Dala tadqiqotlari. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Qumcho‘p qishlog‘i. 2024 yil 20 iyul.
  2. Ergashov M. G‘uzor me’morchilik tarixi. – Toshkent: “Hilol mediya”, 2019. – B. 68.
  3. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi ma’lumoti. 2024 yil 7 avgust.

Raimqulov A. Qashqadaryo vohasining o‘rta asr shaharlari. – Qarshi: “Nasaf” nashriyoti, 2018. – B. 109-110.