MUSOFIR OTA ZIYORATGOHI (G‘uzor tumani)

MUSOFIR OTA ZIYORATGOHI (G‘uzor tumani)

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Amir Temur mahallasida Musofir ota ziyoratgohi joylashgan [1]. Manbalarga ko‘ra, Musofir ota nomidagi qabriston va ziyoratgoh hijriy 533 yilda, milodiy 1130 yilda paydo bo‘lgan. Asli Samarqandning Kattaqo‘rg‘on shahridan  bo‘lgan Abdulla Xo‘ja ibn Muhammad boshchiligida bir guruh kishilar haj ziyoratiga otlanadilar.

Aytishlaricha, ular ayol-erkak, jami 60 nafar kishi bo‘lib, qiyinchilik va zahmatlar bilan ulug‘ maskanlarda haj ibodatlarini ado etib, o‘z yurtiga qaytadilar. Bu guruhdagi zotlar tariqat yo‘liga o‘z hayotlarini bag‘ishlagan, ilm-ma’rifatga o‘zlarini bahshida etgan kishilar bo‘lib, yo‘l bo‘yi savob ishlarni amalga oshirib kelayotgan edilar. Ul zotlar hozir biz tilga olgan maskanga kelganlarida bu yerda istiqomat qilgan aholining qishloqga suv chiqarish uchun ariq qazishayotganining guvohi bo‘ladilar. O‘shanda haj ziyoratidan qaytgan kishilarning yagona oti bo‘lib, unga pirlarini mindirgancha, yetaklab keladilar. Shu otni hasharchilarga so‘yib ovqat ulashadilar. Ko‘p o‘tmay pirlari shu yerda vafot etadi va dafn qilinadi. Keyinchalik bu joy katta qabristonga aylanib, Musofir ota ziyoratgohi deb nomlanadi [2].

Qabriston qadimiy bo‘lib, juda ko‘plab sag‘analardagi marmar qabrtoshlarga arabiy va forsiy tilda yozilgan. Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarixchi-manbashunos olim Mirzo Me’rojiddin bu yerda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borib, qabrtoshlardagi arabiy-forsiy yozuvlarni o‘qigan.

Maqbaraga kiraverishda o‘ng tomon burchak qismida mahobatli marmar qabrtosh ajoyib saqlangan. Ushbu qabrtoshning bo‘yi 170 sm, eni 40 sm, balandligi esa 45 sm ni tashkil etadi. Uning ikki yon tomonida Qur’on oyatlari bitilgan. Eng quvonarlisi shuki, qabrtoshning bosh tomoni yon qismida shu paytgacha saqlanib kelayotgan qadimiy bitiklarga ko‘zingiz tushadi. Bu yozuvlarning tarjimasi shunday: “Vafot Amir Husayn Qavchin ibn To‘xtamish Qavchin ibn Hoji Qavchin, Fit torix Jumadul avval arba’ va salosin va samoniya hijriy 834”, tarjimasi: “Amir Husayn Qavchin, uning otasi To‘xtamish Qavchin, uning otasi Hoji Qavchin. Uning vafoti tarixi, jumadul avval kuni hijriy 834/1430 yil” [3:44].

Tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu qabrtosh Amir Temurning eng ishonchli sarkardasi, harbiy yurishlarda sadoqat bilan xizmat qilgan Amir Husayn Qavchinga tegishli bo‘lib chiqdi.

Ushbu ziyoratgohda Ro‘za va Qurbon sayillarida juda ko‘plab odamlar yig‘ilishib, ziyorat qilishgan. Turli tadbirlar amalga oshirilgan. Ziyoratgoh hududida qadimiy hovuz o‘rni saqlanib qolgan. Ushbu hovuzning taxminiy o‘lchovi 10x10 m² ni tashkil etadi. Qadimiy hovuzdan uncha uzoq bo‘lmagan yon qismida qadimda masjid ham bo‘lgan. Masjid pahsa devordan qurilgan. Keyinchalik mustabid tuzum davrida buzib tashlangan. Qadimiy masjidning yana 10 metrlar janubiy qismida yana bir masjid bunyod etilgan. Keyinchalik bu masjid ham buzilgan. Ziyoratgoh hududida loydan supalar bunyod etilgan [4:47].

“Musofir ota” deb nomlanib kelinayotgan maqbara qadimda pahsadan bunyod etilgan bo‘lib, usti gumbaz bilan yopilgan. Ziyoratgoh hududida qadimda chillaxona ham bo‘lgan.

 Respublikamiz, viloyatimiz, ayniqsa, tumanimiz turistik salohiyatini oshirishda ushbu tarixiy yodgorliklarning o‘rni beqiyosdir.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

 

  1. Dala tadqiqotlari. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani, 2024 yil 20 iyul.
  2. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi ma’lumoti. 2024 yil 7 avgust.
  3. Ergashov A. Musofir ota yohud Amir Husayn Qavchin ziyoratgohi. – Toshkent: “Hilol media”, 2018. – B. 44.
  4. Ergashov M. G‘uzor me’morchilik tarixi. – Toshkent: “Hilol mediya”, 2019. – B. 47.