MIRI JANDA ZIYORATGOHI (G‘uzor tumani)

MIRI JANDA ZIYORATGOHI (G‘uzor tumani)

 

G‘uzor shahridagi Miri-Janda ziyoratgohi G‘uzor daryosining chap qirg‘og‘i yuqori qismida, Mardtepa qishlog‘ida joylashgan [1]. Ziyoratgohda tasavvufdagi “Suhravardiya” tariqati asoschisi Shahobuddin Umar Suhravardiyning (1144-1234) hoki yotibdi. Bu nom allomaning shimoli sharqiy Eronning Jabal o‘lkasidagi Suhravard [2:264-272] shahrida tug‘ilganligiga ishora qiladi. U o‘rta asrlarda faoliyat yuritgan buyuk so‘fiy, faqih, til va hol ilmini yuksak darajada egallagan mohir imom, usulchi olim, islom olamida hanuzgacha nufuzini yo‘qotmagan “Suhravardiya” tariqatining asoschisi edi [3:9].

Shahobuddin Umar Suhravardiyning birinchi ustozi amakisi Suhravardiy nomi bilan ijod qilgan mashhur allomalardan Abu-n Najib Suhravardiy bo‘lgan. U Sharqning mashhur oliygohlaridan “Nizomiya” madrasasida tahsil olgan. Shahobuddin Umar Suhravardiyning qarashlari falsafiy asarlarida yoritilgan bo‘lib, “Kashf al-fadoyih al-yunoniya va rashf an-nasoih al-imoniya” yunon falsafasini, jumladan Aristotel peripatetizmini tanqid qilishga bag‘ishlangan. Kitob falsafa tarixchilari e’tiborida bo‘lib, 1373 yilda Mumniddin Yazdiy tomonidan fors tiliga tarjima qilingan “Aborif ul-ma’orif” (“Ma’rifat tuhfalari”) nomli asari ham ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. U 63 bobdan iborat, asosan tasavvuf gnoseologiyasi, odob-axloq, psixologiya amaliyotiga bag‘ishlangan. Unda dunyoviy ilm bilan ilohiy ilmning uzviy bog‘lanishi tan olingan. Asarda “dunyoviy ilm – go‘yoki sut, ilohiy ilm esa – uning qaymog‘i” deb hisoblangan. Bu bilan muallif materiyaga qaraganda ruh yuqoriroq mavqega ega demoqchi [4:435]. Asar XІІІ-XVI asrlarga arab, fors, turk tillariga tarjima qilingan [3:13]. XX asrda ham kitob nemis, ingliz tillariga qayta-qayta nashr etilgan.

Shahobuddin borliqqa xilma-xil tezlikdagi ranglar majmui sifatida qarab, “Ishroq” (porlash) haqidagi qarashni ilgari surgan. Shuning uchun uni “Shayx ul-ishroq” [5:122-123] deb ham atashgan. Shayxning “Hikmat ul-ishroq” kitobi eng nodir ma’naviy manbalardan biri hisoblanadi va mazkur asar nafaqat axloqiy-tarbiyaviy, balki fan nuqtai nazaridan ham shu davrdagi bilimlar majmuasini o‘z ichiga oladi.

Shahobiddin Umar sunniylik oqoidchisi bo‘lib, mo‘tadil qarashlarni targ‘ib qilgan. Bag‘dodning siyosiy hayotida faol qatnashgan. Suhravardiylik ta’limoti keyinchalik Hindiston (Sind, Panjob, Mo‘lton, Gujarot) da tarqalgan va chishtiylik tariqati bilan bir qatorda eng ta’sirli tariqat sanalgan. Dastlabki davrda bu mamlakatga kelib qolgan kam sonli musulmonlarni birlashtirishda muhim rol o‘ynagan. Suhravardiylik sharq mamlakatlarida keng tarqalib, unga har xil davrda yashagan allomalar o‘z hurmatlarini bildirishgan. Masalan, Alisher Navoiy uni e’zozlab tilga oladi. Amir Temurning piri Shayx Shamsiddin Kulol ham Suhravardiylik tariqatiga mansub edi. Suhravardiylik  XVI-XVII asrlarga kelib bir nechta mustaqil oqimlar (shattariya, bahoiya, jaloliya, jamoliya, mahmudiya, davlatshohiya va b. oqimlar) ga bo‘linib ketgan.[4:434].

Uning shogirdlari orasida o‘g‘li Imomiddin Muhammad (vaf. 1257), Sheroz shayxi Najibuddin Buzgush (vaf. 1279) va boshqalar bor edi. Buyuk fors shoiri Sa’diy She’roziy (1208-1292) “Bo‘ston” asarida Suhravardiyni ustozi deb atagan. Umar Suhravardiy 35 yoshidayoq Bag‘dodda “Shayxlar shayxi”  darajasiga ko‘tarilgan [6:54-55].

Uni Bag‘dod xalifasi Bag‘dod shayxlarining rahnomosi etib tayinlagan. Keyinchalik Xalifa Nosir li-Dinilloh (1180-1225) saroyida maslahatchi darajasiga ko‘tarilgan. 1217-1218 yillarda Xorazmshox Alouddin Muhammad bilan diplomatik muzokaralar olib borgan. Elchi sifatida uzoq muddat Movarounnahrda Xorazmshoh saroyida faoliyat yuritgan. Otasining ta’limotini davom ettirish uchun o‘g‘li Shayx Zayniddin Toshkent shahri yaqinidagi Ko‘hi Orifon qishlog‘ini o‘ziga makon tutadi [3:55]. Shu yerda mahalliy aholiga islom ilmlaridan ta’lim berib, pir bo‘ladi. Toshkentning Ko‘kcha dahasida, qabriston o‘rtasidagi balandlikda              Shayx Zayniddin boboning peshtoq-gumbazli, cho‘zinchoq maqbarasi qad ko‘targan bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra maqbara (XIII asr) Amir Temur davrida Shayx Zayniddinga atab barpo etilgan [4:562].

Shaxobuddin Umar Suhravardiy ko‘p vaqtini Bag‘dodda o‘tkazganligi uchun, ayrim manbalarda Bag‘dodda vafot etib, shu yerdagi “Vardiya” qabristoniga dafn etilgan deyilsa, taniqli rus sharqshunosi V.V.Bartold Amir Temur davrida faoliyat yuritgan fosih Havofiy uning qabri G‘uzorda joylashganligini aytgan [3:16-17]. Amir Temur tomonidan so‘fiy, faqih, imom “Suhravardiya” tariqatining asoschisi Shahobuddin Umar Suhravardiy (1144-1234) qabri ustiga maqbara qurilgan. [7:348].

Shahobuddin Umar hozirgi G‘uzor hududiga kelib qoladi va Amir Jand qabristonida dafn etilishi ham keltiriladi [3:23]. Mazkur qabrda olimning hoki bor-yo‘qligi hali isbotlanmagan bo‘lsa-da, bu joy hozirgi vaqtda ziyoratgoh bo‘lib qolmoqda [1]. U dafn etilgan qabriston nomi alloma sohibi hirqa bo‘lganligi bois “Miri Janda” “Buyuk Hirka” ma’nosini bildiradi.

U Marzaboni chillaxonasi va hujralardan iborat bo‘lib, bu yerda o‘z davrida shogirdlar tahsil olishgan. Yodgorlikdan faqat maqbara saqlanib qolgan bo‘lib, u o‘rta asr me’morchiligi uslublarini o‘zida aks ettirgan [8:25].

Mazkur ziyoratgoh atoqli faylasuf, olim, tasavvuf allomasi va shoiri Suhravardiy siymosini o‘zida mujassamlashtirgan majmua sifatida o‘z davrining ilmiy-ma’naviy va adabiy hayotida katta o‘rin tutadi.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

 

  1. Dala tadqiqotlari. – Qashqadaryo viloyati G‘uzor shahri. 2024 yil 20 iyul.
  2. Daminov I. Shahobuddin Umar Suhravardiy / Buyuk yurt allomalari. Ikkinchi nashri. Tuzuvchi U.Uvvatov. – Toshkent: O‘zbekiston, 2018.
  3. Ergashov A. Miri-Janda ota majmuasi. – Toshkent: Qaqnus media, 2019.
  4. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashryoti, 2017.
  5. Homidjon Homidiy. Tasavvuf allomalari. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.
  6. Ergashov A. G‘uzor me’morchilik tarixi. – Toshkent: Hilol media, 2019.
  7. Salohiddin Toshkandiy. Temurnoma. – Toshkent: Cho‘lpon, 1991.
  8. Muhammadkarimov A., Obidov A., Iskandarov Z. Toshkentning tabarruk ziyoratgohlari. – Toshkent: Navro‘z, 2016.

Galereya