Qashqadaryo viloyatining uchta tumanidagi tog‘ etaklarida Langar ota, Langar nomlari bilan ataladigan qishloqlar bor.
Chiroqchidagi Langarlik keksa otaxonlarning gap-so‘ziga ko‘ra, qachonlardir Langar ota haqida “Manoqib” nomli tarixiy maqola yozilgan. Toponomik lug‘atlarda “Langar” atamasining bir necha xil izohi mavjud. Bular quyidagilar:
1. Langarcho‘p – muvozanatni saqlashda yordam beruvchi qo‘ldagi tayoq.
2. Islom dinida so‘fi va darveshlar langar tashlash orqali joylashadigan yerlarini aniqlashgan – bu yer o‘tov joyi bo‘lgan. Shuningdek, bu joy beva va bechoralar joyi ham bo‘lib, ularga boshpana va oziq-ovqat ajratilgan.
3. Ba’zi manbalarda ushbu atama mo‘g‘ulcha nom sifatida ham tavsiflangan. Ya’ni “langar” – muqaddas mozor, degan ma’noni anglatishi, ushbu so‘z mo‘g‘ulcha – “langur” – atamasining talaffuzda biroz o‘zgarishi natijasida Langur-Langar-Muazzam qabr va katta qabriston kabi ma’nolarni berishi ta’kidlangan [1].
“Langar” – so‘zining yana bir ma’nosi – “cho‘p yoki muvozanat nuqtasi”, ya’ni o‘rtaliq qishloq ma’nosidagi talqini xalq orasida keng tarqalgan. Mutaxassislar bu o‘ta qadimiy manzil, qishloq emas balki qishloqlar o‘rtasida joylashgan shaharcha, deb atalsa arzishini ta’kidlab o‘tishgan. Dunyo sayyohlari diqqat e’tiborini tortgan bu Kent Chiroqchi tumanida joylashgan. Bu ziyoratgoh ayni paytda Xalqaro Ekoturizmni ham o‘ziga jalb etmoqda. Langar qishlog‘idagi qabristonlar, ziyoratgohlar, tarixiy obidalar, tabiat yodgorliklari, qoyatoshlardagi surat-yozuvlar, Konizar g‘oridagi ibtidoiy odam makonlari, tosh haykalchalar, ming yillik chinorlar, ma’danli buloqlar bu makonning o‘xshashi yo‘qligidan dalolat beradi.
Chiroqchi tumani hududida Chiroqchi shahridan shimolga 45 km masofada Langar ota qishlog‘i qo‘shni Samarqand viloyati bilan chegaradosh Hisor va Zarafshon tog‘larining birlashgan nuqtasidan – Hazrati Bashir tog‘laridan Jomga qadar cho‘zilgan Qoratepa, Chaqilikalon tog‘ tizmalari o‘rtasidagi Qalqama vohasi markazidan o‘rin egallagan. Arxeolog Sulaymonovning ma’lumotlariga ko‘ra, Langar ota qishlog‘ida odamzod besh ming yildan beri yashab keladi. Qishloqdagi Gedalisoydan topilgan ba’zi topilmalar – bronzadan yasalgan dudama xanjar, kamon o‘qi uchi, qoratoshli qadimiy mozor, ikki dona ossuariy (sapol tobut) shular jumlasidandir. Langar Ota tarix muzeyi eksponatlari miloddan oldingi davrlarga oiddir. Muzeydagi eng qadimiy ashyo Poleozoy erasi suv bo‘lganda, bir hujayrali jonivorlarning tosh qotgan yodgorligi bor.
Qadimiy an’analarga ko‘ra, ziyorat qilish “Qadamjo” izlaridan boshlangan. Mazkur qurilish bizning davrlarga kelib, “Xudoning qo‘li” nomli toshni yog‘ingarchiliklardan himoyalash maqsadida bir boy inson tomonidan qurilgan. Bu mo‘jizaviy yerni, go‘yo ikkita yog‘och burama zambaraklarda qo‘riqlayotganday ko‘rinadi. Toshga qancha qaramaylik, ishlov berilganlik izlari topilmaydi. Bunday izlar hamirda ham bo‘ladi, lekin toshda uchratish kamdan-kam holdir. Qadim zamonlarda hatto shoh, xon va mansabdorlar ham otlariga minib, mazkur qadamjoga tashrif buyurishgan ammo shu yerdan ziyorat joyiga qadar oyoq yalang borishgan.
Chiroqchidagi Langar ota ziyoratgohi Yangi Langar yoki Ikkinchi Langar, deb ham ataladi. Bu yodgorlik bilan bog‘liq afsonalarning birida “Avliyo”larning oddiy xalqqa mo‘jizaviy yordami haqida so‘z ketadi. Mazkur afsona “Langar ota” marosimlar joyi bilan bog‘liq bo‘lib, mashhur shayx Ahmad Yassaviy islom dinini qabul qilishni istamagan qishloq aholisiga to‘r tashlab, uni osmonga otgan. Langar otaning boshqa shayxi o‘zining hassasi bilan to‘rni tutib olib, ularning dinni qabul qilish haqidagi murojaatini qabul qilgan va qishloq ahlini dinga yo‘naltirgan. Shundan buyon Langar ota ularning muqaddas qarorgohiga aylangan.
Langar Ota ziyoratgohi qishloqqa kiraverishdagi Qadamjo – Sulton Vays va sahobalar uchrashgan tosh supadan boshlanadi. Keyin qishloqdagi tepalikda shayxlar qabri ziyorat qilinib, eski masjidga kiriladi. Qadimda Langar otaga ziyoratga kelgan har bir shohu gado aynan shu Qadamjo ziyoratgohida otdan tushib, shayxlar ziyoratiga yalangayoq, yayov tarzda yo‘l olishgan.
Hozirda Langar Otadagi katta qabriston salkam yigirma gektarlik hududga ega. Qabristonning teng ikkita tepaligida hech qanday poydevorsiz, o‘ta pishiq, to‘rt burchak yapaloq g‘ishtlardan gumbaz qilib, katta-kichik ikkita xonaqoh qurilgan. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, ular XI asrda bunyod etilgan. XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Ashtarxoniylar davlati tomonidan ikkita maqbara – Shayx Abul Xasan Ishqiy hamda Langar ota avlodi yotgan yerlarga dengiz sathidan 1000 metr balandlikda qurilgan. Mazkur maqbaralar aynan kim tomonidan va kim uchun qurilganligi haqida hech qanday yozma manbalar maqjud emas. Lekin qabr tepasidagi yozuvlar bu yerga juda ilgari shayxlar ko‘milganligini ko‘rsatadi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, maqbaralarning har ikkisida ham binoning qurilish tarixi, unda kimlar yotgani haqida yozuvlar saqlanib qolmagan. Kichik maqbara Shayx Abul Hasan Ishqiy avlodlaridan biri Hazrati Mirimshayxga tegishli ekani taxmin qilinadi [2]. Bu xonaqohli maqbara baland peshtoqli gumbaz qilib ko‘tarilgan bo‘lib, uning ichida katta-kichik 4 ta sag‘ana joylashtirilgan. Maqbara o‘lchami 11x9,5 m. va 25x25 sm o‘lchamda gumbaz shaklida tekis g‘ishtlardan ko‘tarilgan. Sharqiy xonaqoh mahobatli, o‘xshashi yo‘q, keng sahnli chillaxonalarga ega. Maqbaraning sharqiy ayvonidagi 4 ta qabrning eng kattasiga shayx Abul Hasan Ishqiyning nevarasi Mirimshayx dafn qilingan, degan taxminlar mavjud.
Maqbaraning quyosh botadigan qismida 15x12,5 m. o‘lchamli ikkinchi ayvoni bor. Ushbu ayvonda har xil kattalikdagi 8 sag‘ana mavjud bo‘lib, shayxlarning mavqeyi va darajasiga qarab joylashtirilgan.
Mahmud bin Valining yozishicha, XVII asrda, aniqrog‘i 1640 yilda Shahrisabz va G‘uzor alohida bekliklarga bo‘lingan bo‘lib, bu joylarda Ashtarxoniylar hukmronlik qilgan [3:86-87]. Ayni shu paytda Ashtarxoniy hukmdorlari bu joydagi shayxlarga ko‘proq e’tibor qaratishgan. Buning natijasida esa Langarda ikkita ulug‘vor maqbara qad rostlagan. Ikki maqbara o‘rtasida Quli shayx Ishqiy, Bobo shayx Ishqiya dafn etilgan (vafoti hijriy 1039, melodiy 1629/30 yil) [3:87]. Qabrtoshlardagi yozuvlar bu makonda dafn etilgan shayxlar so‘fiylikning Ishqiya tariqatiga mansubligini ko‘rsatadi. Ya’ni ularda Abul Xasan Ishqiy avlodlarining ismlari tushirilganligini ko‘rish mumkin: Shayx Muhammad Boqiy Ishqiy, Salimxo‘ja Niyozmuhammad xo‘ja o‘g‘li va boshqalar. Ishqiya tariqatidagi shayxlarning qabrlari Shahrisabz tumanidagi Qiyomiddin shayx mozorida, Katta Langarda (Qamashi tumani) va Samarqanddagi Ostona ota mozorida ham uchraydi [4].
Qishloqdagi keksa yoshdagi otaxonlarda “Abul Xasan Ishqiyning sulolasi” nomli kitob bo‘lib, u 3 qismdan iborat. Kitoblardan biri juda yaxshi holatda saqlangan [5].
Avlodlar qo‘lida saqlanayotgan Shayx Abulhasan Ishqiy “Shajarasi”da ul zotning farzandi Muxriddin shayxning o‘g‘li Hazrati Mirimshayxga alohida ta’rif va tavsif berilgan. “Mirimshayx – mashoyixlar suyanchi, mo‘tabar tabaqalar qaymog‘i, barcha chigal mushkulotlarni hal qiluvchi, “Hud-hud” misol zot erdi”, - deya qayd etilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI: