Sayyoh va ziyoratchilarni qiziqtiradigan yana bir muhim ob’ekt bu – Langar ota masjididir. Aytishlaricha, bu masjid juda qadimiy bo‘lib, avvalo Oqmasjid degan tepalikda bunyod etilgan. Shu sababali bu masjid Oqmasjid (Katta masjid) deb nomlangan. Shuningdek, mazkur masjid nomi Shayx Abul Xasan Ishqiy nomi bilan ham bog‘lanadi. Qishloq qariyalarining ma’lumotlariga ko‘ra, og‘izdan og‘izga o‘tib kelayotgan rivoyatlarda mazkur masjid qurilishiga turli xil qabilalar o‘z hissalarini qo‘shganlar. “Barmoq” sulolasi qo‘y olib kelgan, “Quduchi” sulolasi esa qurilishlarga yordam bergan. Barmoq sulolasining chorva mollari tugab, birgina echkisi qoladi va shayxdan so‘nggi jonzodni so‘yish uchun ruxsat so‘rashadi. Shunda shayx orqaga qaramasdan, bu echkini uning huzuriga olib kelishlarini aytadi, zero shunda Alloh ularga yordam qo‘lini cho‘zadi. Qabiladan bir kishi echkini sudrab kelayotganda bir qancha qo‘y va echkilar unga ergashib keladi. Kutilmaganda shayton podachining qulog‘iga to‘da orasida bo‘ri yurgani haqida shivirlaydi. Podachi ortga qaraydi va to‘da ham to‘xtaydi. Shunday qilib, u shayx so‘zini bajarmaydi va poda to‘kinchiligini to‘xtatib qo‘yadi [1].
Uzoq davr mobaynida ushbu masjid Oqmasjid nomi bilan ishlab turgan va keyinchalik u hozirgi o‘rniga, ya’ni daryo qirg‘og‘iga ko‘chirilgan. Masjid ustunida hijriy 122 yil, degan yozuv mavjud (melodiy 840 yil). Uning shiftiga go‘zal islimiy [2] va astral [3] naqshlar tushirilgan. Ularda asosan Sohibqiron Temur bayrog‘idagi bumerang – abadiy hayot tasviri aks ettirilgan. Unda aks etgan naqshlar 500 yil avval o‘lkamizning chekka hududlarida ham san’atga bo‘lgan e’tiborni hech qanday andozasiz bezatilgan ulug‘vor ustunlarning har biriga tushirilgan noyob suratlar isbot etganini ko‘rish mumkin. Masjid 840 yili archadan qilingan ustunlar asosida qurilgan bo‘lib, noyob naqshlari shu kunga qadar saqlanib qolgan.
Bu masjid hech qachon ta’mirlanmagan, ilk ko‘rinishi saqlanib qolgan masjiddir. Tashqi ko‘rinishiga ahamiyat berilsa, qurilish tipi yonidagi uychalardan qolishmaydi. Sobiq ittifoq davrida hukumat tomonidan uni buzib tashlash buyurilgan, biroq oqsoqollar pul yig‘ib, binoni davlatdan sotib olishgani haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Ushbu davrda eski masjid avval kolxoz omborxonasi, keyinchalik esa do‘kon sifatida foydalanib kelingan.
Mazkur masjid yonida deyarli o‘n asr davomida diniy madrasa ishlab turgan [4]. Madrasa binolari jami 14 ta gumbazli hujralardan iborat. Madrasa binosida joylashgan tarixiy inshootlar, xususan, darsxonalari XX asr o‘rtalarida qatag‘on tufayli buzib tashlangan va g‘ishtlari esa chor tarafga tashib ketilgan [5]. Madrasaning bitta gumbazsiz hujrasi kolxoz omborxonasi sifatida saqlab qolingan.
Umuman olganda, bu tarixiy inshootlar Sovet ittifoqi davrida hukumat tomonidan qayta ta’mirlashga harakat qilinganligini ko‘rish mumkin. Xususan, Shayx Langar ota maqbarasi beton yordamida mustahkamlanmoqchi bo‘linganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, maqbara tepasidagi ark qurib bitkazilgan. U pishgan g‘ishtdan, standart shaklda bajarilgan bo‘lib, maqbaraning ichki qismi yog‘och tirkagichga mustahkamlangan.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lib ishlagan yillarda u kishi tashabbus ko‘rsatib, masjid ichidagi do‘konni chiqartirib, hashar yo‘li bilan yangi do‘kon qurdirgan [5]. Masjid tarixiy obida sifatida 2017 yil Davlat muhofazasiga olingan [6].
Ziyoratgohga tashrif buyurgan qiziquvchilar masjid yaqinidagi harsangtoshlar ustiga chizilgan toshtaxtalarda “Qirchovut” o‘yini uchun chizilgan joyda ushbu o‘yinni o‘ynab ko‘rishlari mumkin. Bundan tashqari, qishloqdagi tabiat mo‘jizalari bo‘lmish Teshiktosh, Lim-Lim Aziz, Sharshara, Konizor g‘ori, Sadirtosh, Quchqor tosh, Qozon tosh kabi joylar har bir kishida tabiatga bo‘lgan o‘zgacha qiziqishni yanada uyg‘otishi tabiiy [7].
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI: