Hazrati Bashir ziyoratgohi Kitob shahridan 30,5 kilometr shimoliy-sharqda Xabash va Ko‘l tog‘lari oralig‘idan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo sohilidagi Hazrati Bashir qishlog‘ida joylashgan [1].
Naqshbandiya ta’limotida yorqin iz qoldirgan zabardast avliyolardan biri Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir Hazrati Bahovuddin Balogardon bo‘lib, u kishi islom olamida “Miri Haqiqat” maqomiga ega bo‘lgan. Hazrati Bashir (1368-1464) Amir Temur Ko‘ragoniyning piri Sayid Barakaning ukalari Sayid Ne’matilloning karomatlari, duolari tufayli olamga kelgan. Hazrati Bashirning otalari Shayx Xoja Hasan ota 1278 yillarda dunyoga kelganlar. Boshlang‘ich ta’limni va sufiylik ilm sirlarini otalari Shayx Husayn ibn Mansur Albayzovidan o‘rganib, sufiylik tariqati asoschilaridan biri bo‘lib yetishganlar. U kishi Amir Temurning pirlari bo‘lgan Said Mir Baraka, Said Mir Ne’matulloh va Amir Temurlar bilan bir davrda yashaganlar [2:12]. Otalari Xo‘ja Hasan 90 yoshda, onalari Bibi Malokat 80 yoshda bo‘lganlariga qaramay, farzandlari bo‘lmagan. Bola tug‘ilgach, unga Said Ahmad, deb nom qo‘yishgan. Onalari Bibi Malokatdan sut kelmagach, yosh Said Ahmad sutsiz voyaga yetgan. Shuning uchun nomlariga Bashir (Beshir – sutsiz degani) taxallusi qo‘shib aytilgan. Said Ahmaddan keyin yana onalari Said Ali va Hoja Ahmad ismli ikki farzand ko‘radi [3:178-179].
Hazrati Bashir yoshligidan (18 yoshdan) Qur’oni Karim va boshqa kitoblarni o‘qiy boshlaydi. Hazrati Shayx Buzrukvorning tariqatlarida so‘fizmda uchra- maydigan raqsu va simo usuli bo‘lgan. Raqsu simo Imomi Shofiy mazhabida uchraydi. U kishi zikr qilib raqsu simoga ustalik bilan tushganlar [4:30].
Hazrati Bashir salohiyat egasi bo‘lib u kishining ta’riflarini eshitib, musulmon olamining turli burchaklaridan shogird sifatida kelishgan. Bular orasida Usmon Turkistoniy, Shahrisabzlik Shayx Shamsiddin, Shayxi Poyanda, Said Ali, Darvesh Muhammad Koduboz, Sayid Muhammad Shaxboziy Haqiqat, Mavlono Lutfulloh, Mavlono Ismoil, Mavlono Aminuddin, ayollardan: Bibi Robiya, Bibi Sohiba, Hazrati Buzrukning zavjai halollari Bibi Fotima, Bibi Baxt Sulton, Bibi Dursulton, Bibi Turkona, Bibi Xovand Sultonlardek ulug‘lar bo‘lgan. Bularning aksariyati Hazrati Bashir qishlog‘ida dafn etilgan. Hazrati Bashir Hazrati Baxovuddin Balogardondan keyin islom olamida Naqshbandiya ta’limotida yorqin iz qoldirgan zabardast avliyolardan biri bo‘lgan, “Miri Haqiqat” maqomiga ega bo‘lgan. Hazrati Bashir 1464 yilda olamdan o‘tadilar. Bashir qishlog‘idagi Niyoztepada dafn etilgan [4:31].
Hazrati Bashir qishlog‘ida XV asr yodgorligi bo‘lgan Hazrati Bashir sag‘anasi qo‘yilgan bo‘lib, u katta masjid va maqbarani o‘z ichiga oladi. Bu sag‘ana O‘zbekistonning noyob me’morchilik va amaliy san’at asari hisoblanib, maqbara yodgorligi XVI asrning oxiri – XVII asr boshlarida bunyod etilgan, uning shakli Temuriylar davrida yasalgan tosh obidalarni eslatadi. Bu yirik birikma (204×84 sm.) ikki pog‘onali taglamaga o‘rnatilgan bo‘lib, usti yassi, hashamli va serqirra. Obidaning uzun qirralari bo‘ylab uchta kvadratli bezak o‘rnatilgan [5:6-9].
U yon tomondan chuqur o‘yilib, juda nozik, o‘yma naqshlardan olingan turli xil geometrik naqshlar bilan bezatilgan, ularning elementlari bir-biriga aniq tutashtirilgan holda obida joyidagi taglik taxtaga yopishtirilgan. Guruhlar asosan olti nurli to‘rsimon negizda yasalgan bo‘lib, bezak sirtiga chiroy berib turibdi. Sag‘ananing bosh va oyoq tomonlari ham naqshinkor bezatilgan. Olti qator sharafa alohida-alohida qoqilgan ma’lum shaklli yog‘och kosachalardan yasalgan, ularning yuqoridagi uch qatorida kungra, pastdagisida esa sebarga shakl berilgan. Kosachalar qavatma-qavat terilganligi uchun sharafa old tomonga bir oz chiqib turadi. Oxirgi taxtasi ingichka zanjirlar bilan hoshiyalangan [6:54]. Xonaqoh markaziy to‘rt tomonlama hududdan iborat bo‘lib, unda to‘rtta ustun uch tomondan ayvon bilan o‘ralgan. XVIII asr masjidi to‘rtburchak (9,78×977 m), sinchli, devorlari loyshuvoq qilingan. Uning har tomonidagi (8,2 m, to‘rtburchak) xonaqohning yassi toqi terib yopilgan [7:92]. Obidaning shakl jihatdan ajib nozikligi, kuchli kompozitsiyasi kishida kuchli taassurot qoldiradi.
Sovet davrida dinga bo‘lgan tazyiq tufayli 1940 yillarda bino buzib tashlangan. Hozirda Bashir ota qabristoni joylashgan tepalikning pastki qismida chashma yonida yangi masjid qurilgan. Shu yerdagi Junaydullo Islomshayx o‘g‘li Hoziq tomonidan 1842-1843 yillarda qurilgan chillaxona (g‘or) ham mavjud [4:29]. Hazrati Bashirning yon tomonida ikki farzandi va bir xizmatkorining qabri bor. Qabrning dala qismida 1450 yilga tegishli mo‘g‘ul podshosi Sayyid Jamoliddin qabrtoshi topilgan [8:81-92].
Bu ziyoratgohning yana bir muhim jihati shundaki, Hazrati Bashir aslida Mirzo Ulug‘bek zamonida yashagan. U rasadxonaning quyi qismi “Poyi rasad”ni qurib, 7-8 yil Shayx Hazrati Sulton Said Ahmad himoyasida ish olib borgan [4:28-29]. Ulug‘bek vafotidan keyin shogirdi Ali Qushchi rasadxonadagi kitoblar va sekstantni Bashir qishlog‘idagi Niyoztepaga joylashtirgan. Hatto mahalliy aholi mazkur kitoblar saqlangan sandiq tog‘dagi toshga aylanganini va uning ko‘rinishi tog‘ toshida aks etganini ham ta’kidlaydi. Vohada mahalliy aholi orasida maqbara yonida Hazrati Bashir hassasidan ko‘kargan archa va u kishi yaratgan pistazor ham bor [1].
Hazrati Bashir ota ekkan pistalar hozirgacha (juda katta daraxtlar bo‘lib) hosil qiladi. Pista daraxtlarining soni 200 dan ortiqdir. Hozirda Hazrati Bashir qabri joylashgan tepalik ostidan shifobahsh suv chiqib turadi. Bir tegirmon suv (toshning ostidan chiqib) Hazrati Bashir qishlog‘ini suv bilan ta’minlaydi. Ziyoratchilar shu suvdan ichadilar, uylariga olib ketishadi. Hazrati Bashir ota qabri qo‘yilgan tepalik tagida 30-40 kishi sig‘adigan g‘or bor. Bu g‘or odam yashashi uchun juda qulay va mustahkam qilib kovlangan [2:25-26].
G‘ori Sangi G‘ori Hokidan chamasi 800 metrlar yuqorida ekan. Har ikkala g‘orda ham Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir ota 18-20 yoshgacha yashagan ekan. G‘ori Sangidan 20 metrlar chamasi balandlikda sharshara bo‘lib, buloqdan suv oqib turgan. U yerdagi manzara – yovvoyi archa, zarang, shilvi, irkak daraxtlari kishini hayratga soladi. Oldinlari ushbu suv “Nur ko‘h” balandligidan hovuzga oqib, atrofidagi bog‘larga tarqalgan. 20 metr yuqoridan ko‘piklanib, shiddat bilan oqib tushayotgan suvni mahalliy aholi “Xo‘ja ne’mati” deb atashar ekan. Suvning bir ko‘zi shu yerdan chiqsa, bir ko‘zi Mug‘ul qishlog‘idan 4 km chamasi shimoli-sharqdagi Xo‘ja Ne’matulloh ziyoratgohidan chiqar ekan. Mahalliy aholi bu suvni Xo‘ja Ne’matulloh karomatlari bilan chiqqan, - deb aytishadi.
G‘ori Hoki g‘ori uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismi yomg‘ir, sel kelishi natijasida yemirilib ketgan, ikkinchi va uchinchi qismi to‘liq saqlanib qolgan. G‘orning og‘zi kichik bo‘lgan. 7 metrdan keyin g‘orning zali bor. Zalning diametri 6 metr, balandligi 2,2 metr bo‘lib, gumbazsimon shaklga ega. G‘or devorida kitob va shamchiroqlar, suv idishlari qo‘yish uchun maxsus tokchalar qo‘yilgan. Yuvinish, tahorat olish uchun o‘yib xona qilingan [2:27-28].
Inqilobdan oldin Hazrati Bashir qabri turgan tepalikning tomonlarida qishloq bo‘lib, u yerda yashaydigan mahalliy aholi tomonidan katta bir tosh topilgan, uning ostida yo‘l borligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 martdagi “Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 198-sonli Qarorida ko‘rsatilgan Varganza, Hazrati Bashir, G‘elon, Suvtushar qishloqlarida tashkil etilayotgan yangi turizm yo‘nalishlari, Kitob kenglik stansiyasi, “Siypantosh” yodgorligi va uning atrofidagi turistik maskanlar haqida ko‘rsatuvlar suratga olindi [9].
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI: