Kitob tumani Xo‘ja Ilmkon qishlog‘ida Mavlono Abdulboqiy Xojagi Emkanagiy ziyoratgohi bor. Xojagon Naqshbandiya yo‘nalishi bo‘yicha tasavvufning yetuk targ‘ibotchisi, fiqx, hadis ilmlari bo‘yicha allomai zamon, hol va qol ilmlarining sohibi, Azim Pir Mavlono Abdulboqiy Xojagi Emkanagiy ibn Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy Kitob tumanining Xo‘ja Imkanagiy qishlog‘ida 918/1512 yilda tug‘ilib, shu qishloqda 1008/1600 yilda vafot etgan. Shu yerda farzandlari Mavlono Xoja Abdul Qosim ibn Mavlono Xojagi (vaf. 1022/1613 y.) ham dafn etilgan [1:11].
XІX asrga qadar bu qishloq tarixiy asarlarda Imkana, deb atalgan [2:33-34]. Muhammad Emkanagiy (q.s) bug‘doyrang, yuzi nurli, siyrak soqolli, dengizdek fayzga to‘la bo‘lgan ekanlar [3:79]. Xojagi Emkanagiy zohir, botin ilmlarni hamda tarbiya usullarini o‘z otalari Darvesh Muhammaddan olganlar [4:129].
Dastlabki bilimini otasidan olgan Mavlono Emkanagiy Buxoro, Samarqand madrasalarida tahsil ko‘rgan usul (furu), kalom, tafsir, xalis ilmlarini o‘rgangan [1:11]. O‘z davrining buyuk donishmandlaridan, tasavvufdan saboq olgan. Ya’kub Charxiydan tariqat sirlarini o‘rgangan. Maxdumi A’zam Kosoniy suhbatida ishtirok etgan. Zohir va botil ilmida kamolotga erishgan. Naqshbandiya tariqatining targ‘ibotchisi, buyuk donishmand sifatida shuhrat qozongan [5:347].
Hazrati Xojagi ibn Darvesh Muhammad Emkanagiy Naqshbandiya tariqatidagi silsilai sharifning yigirma ikkinchi rutbasida turganligini mavjud barcha manbalar tasdiqlaydi. [6]. “Naqshbandiya tariqatiga oid qo‘lyozmalar fihristi” kitobida Hazrati Xojagi Emkanagiy ibn Darvesh Muhammadning “Intixob as kitobin Nasama” (Shabbodalar kitobidan saylanma) asari bo‘lganligi haqida ma’lumot berilgan [7:47]. Hozirda mazkur asarning ma’lum bir qismi O‘zRFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida №500 XVII raqami ostida saqlanmoqda.
Nasriddin Xanafiyning “Tuxfat uz-zoirin” kitobida Emkanagiyning ruhiy qudrati, karomatlari hususida shayxning zamon hukmdorlarini adolat peshvolikka, sulhu amniyatga da’vat etgani haqida qiziqarli hikoyatlar jamlangan [5:11]. “Purkaram” deb nomlangan Abdulboqiy Hojagiy Emkanagiy irshodni otasi Darvesh Muhammaddan olgan bo‘lib, o‘zidan keyin Xoja Muhammad Boqi (Boqibilloh), Xoja Abdul Qosim (ya’ni farzandlari Muhammad Qosim) va shu bilan birga Muhammad Sabor, Xoja Ahmad, Muhammad Sayyid, Xoja Abdulaziz, Xoja Hayriddin Rumiy, Mavlono So‘fiy, Aliobodiy, Xoja Latif Qandibodomiy, Muhammad Fozil Badaxshiy, Ya’kub Sarfiy Kashmiriy kabi xalifalarga irshod berib, shayxlik qilishga ijozat beradilar [1:14-16].
O‘z davrida Markaziy Osiyo, Hindiston, Xuroson. Turkiya halqlari “Xojagon” Naqshbandiya yo‘lidagi tasavvuf tarbiyasini Mavlono Xojagi Emkanagiy maktabidan olganlar. U kishi tashkil etgan madrasada fiqx va hadis ilmidan tashqari dunyoviy ilmlar ham o‘rganilgan. Hazrati Xojagi Muhammad Emkanagiyning farzandi va muridi Abdul Qosim Xoja Emkanagiy Xo‘ja – Ilmkon qishlog‘ida XVI asrda xonaqoh quradi [8:61]. Xonaqoh oldida esa otasiga dahma qurdiradi. 1601-1602 yillardan boshlab, Mavlono Xojagi Emkanagiy xonaqosi va mozori atrofida ziyoratgoh bilan bir qatorda so‘fiylik tariqati ham shakllanadi.
Tepalikdagi qabriston o‘rtasida xonaqoh bo‘lib, unga yaqin joyda masjid, madrasa va karvonsaroy bo‘lgan. U ikki qo‘shsaroyni tashkil etgan. Qatnov yo‘lini kesib o‘tgan ravoqqacha g‘isht yotqizilgan zinasimon yo‘lka xonaqoh tomon olib boradi. Xojagi Emkanagiy nomi bilan bog‘liq arxeologik majmua (XVI acp) 1601-1602 yillarda bunyod etilgan. Masjid va madrasaga xonaqohdan 41 zinapoya orqali tushib kelingan. Masjid va xonaqoh o‘rtasida pishiq g‘ishtdan yasalgan zinapoya ostidagi arkdan yo‘l o‘tgan [9:5-8]. Hozirda zinapoya va chillaxonalar buzib tashlangan.
Xonaqoh to‘g‘ri burchakli (24×20,2 m.) tushgan, burchaklarida silindrik kichik minorachalar-guldastalari bo‘lgan ravoq-gumbazli binodan iborat. Uning old tomonida uchli, baland qubbador peshtoq yon tomonga tushgan qanoslari bor. Binoning ichi katta xonadan iborat (11,8×11,8 m.). Xona ustidagi gumbazning diametri xonaning yon tomonlariga qaraganda ikki baravar kichik (6,4 m.). Binoning to‘rt burchagida tomga olib chiqadigan g‘ishtli zina bor [10:11-15]. Bino bezaklari sodda bo‘lib, bu qurilish uslubi XVI asr oxiri – XVII asr me’morchiligiga oid Buxoro maktabiga xosligini ko‘rsatadi.
Xonaqohdan 20 metr sharqda XVI-XVII asrlar uchun ahamiyatli bo‘lgan yer ustida inshoot qurilgan bo‘lib, u Xo‘ja Emkanagiy va o‘g‘li Abulqosim Hoja (vaf. 1621 y.) ning dahmasi hisoblanadi. Arxeolog olim L.Yu.Mankovskaya dahmalarni mehrobiy sag‘analar orasida kulrang ikkita dahma sifatida izohlaydi. Uning kattasi (12×12 m.) sharq tomonda xonaqoxning bosh fasadidan 20 metr nariroqda, kichigi undan janubroqda joylashgan. Dahmalar kvadrat poydevorga o‘rnatilgan bo‘lib, katta prizma ko‘rinish kasb etgan. Ularning ikkalasi ham marmar bilan qoplangan [8:14-16]. Xo‘ja Ilm Kon me’moriy yodgorligi XVI-XVII asrlardagi Movarounnahrning eng yirik yodgorliklaridan biri bo‘lgan. 1965-1967 yillarda ansamblning quyi qismi ta’mirlangan.
Bu ziyoratgoh 2013 yilda tuman hokimiyati tomonidan ta’mirlangan. Ziyoratgohga hozirgi kunda Naqshbandiya tariqatining “Xojagon” yo‘nalishiga e’tiqod qiluvchi davlatlar: Turkiya, Germaniya. Amerika va boshqa davlatlardan musulmon ziyoratchilar tashrif buyurishadi.
Abdulboqi Xojagi Emkanagiy dunyoviy ilmlarni ham chuqur bilgan. Xo‘ja Imkana qishlog‘i tepasida chashma bo‘lib, undan Emkanagiy 13 ta Koriz qurdirib suv chiqartirgan va balandlikdagi yerlarni sug‘orishni yo‘lga qo‘ygan. Butun qishloq aholisi suv bilan ta’minlangan. Hozirgi kunda ham Koriz usuli keng qo‘llaniladi va qishloq aholisi suvdan foydalanadi [11].
“Koriz” – so‘zi forschadan olingan bo‘lib, yer usti suvlarini yig‘ish va ularni yer ustiga chiqarish uchun qurilgan qadimiy suv inshooti bo‘lgan.
Shu bilan birga, xonaqohga yaqin joyda, masjid hovlisida ko‘hna chinor bo‘lib, tana aylanasi 18 kishi qulochiga teng bo‘lgan, ya’ni 27 metrni tashkil etadi. Chinorning ichki qismi uzunasiga 5,8 metr va eniga 4,2 metrni tashkil etadi. Uning ichida 25 ta bola bemalol davra qurib o‘tirishi mumkin bo‘lgan. O‘tgan asr boshlarigacha chinor kovagidan maktab sifatida foydalanilgan. Mahalliy aholining ma’lumotiga ko‘ra, chinor shohlarida 35 ta laylak uyasi bo‘lgan ekan.
Xo‘ja Ilm Kon yoki Xojagi Emkanagiy nomi bilan atalgan bu qishloq tarixiy sir-sanoatga ega bo‘lib, mahalliy va xorijiy turistlarni o‘ziga jalb qilib keladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: