Kitob shahridan chamasi 17 kilometr janubiy-sharqda Xo‘ja Isfaroz (Xo‘ja az-faroz) qishlog‘ida “Oq-suv” ziyoratgohi joylashgan. Mahalliy xalq bu yerda Shayx Shamsiddin va farzandlari Shayx Najmiddin, keyinchalik uchinchi ulug‘ pir Darvesh Muhammad ham dafn etilgan, - deyishadi.
Hazrati Xoja Shayx Shamsiddin (vaf. 1501 yil may) Farobga yaqin Xezzan (Tojikiston) qishlog‘ida tavallud topgan. Aniq tug‘ilgan yillari haqida ma’lumot yo‘q. U kishi Sobiri parranda avlodidan bo‘lib, Shayx Antour shajarasiga borib taqaladi. Yoshligida ilmni otalaridan olib, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Shayx Shamsiddin “Qol va hol” (tasavvufiy talqinda, zohiriy va botiniy ilm) ilmlariga ega bo‘lgan. U kishi Keshda Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368-1464) ga shogird tushgan. Amir Temur tomonidan Oq-suvning chap sohilida qurdirilgan masjid va madrasada Shayx Shamsiddin va o‘g‘li shayx Najmiddin xizmat qilishgan. Farzandlari Shayx Najmiddin ham otalaridek komillikka erishganlar. Ular vafotidan keyin madrasani Darvesh Muhammad boshqargan.
A.Choriyev kitobida: Hazrati Shayxi Buzrukvori Shayx Shamsiddin kamolga yetgan zabardast avliyolardandur, deb aytdilar. Meni o‘zim u zotni tarbiya qilib voyaga yetkurgandurman. Irshod xatini o‘zim berganman. Shayxi Shamsiddin katta olim, karomat egasi bo‘lganlar. Shayx Shamsiddin 1501 yil may oyining 20 sanasida olamdan o‘tdilar va qabrlari Xo‘ja isfaroz qishlog‘ida joylashgan, - deb keltiradi.
Shayx Muhammad Darvesh Naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida yigirma birinchi pir sifatida tilga olinadi. Darvesh Muhammad o‘rta bo‘yli, go‘zal yuzli, bug‘doyrang, oq soqolli, qaddi-qomati kelishgan va mutanosib edi. Zohiriy va botiniy bilimlarda mukammal valiy-zot, muridlarni tarbiya va irshod qilishda favqulodda bir malaka egasi bo‘lgan. Hamma tushunadigan sodda tilda gaplashar, har bir kishiga saviyasiga ko‘ra muomala qilar, fazilatlarini aniqlab qobiliyatlarini rivojlantirish va yuzaga chiqarishda mahoratli, bu hususda ulug‘ bir fazilat sohibi edi.
Otasi Xoja Ofoq Kalon Termiz sayyidlaridan bo‘lib, Ya’kub Charxiyning nevarasiga uylanadi. Bu nikohdan Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy olamga keladi. U tariqat silsilasidan tashqari, nasabi ham ona tomonidan Ya’kub Charxiy xonadoniga borib taqaladi. Darvesh Muhammad asosan Chag‘aniyonning Vaxshuvor qishlog‘ida va Hisori Shodmon tomonlarda yashagan. Shundan Vaxshuvoriy nisbasini olgan.
U Mavlono Zohidning (vaf. 936/1529 y.) mashhur xalifalaridan edi. Muhammad Zohid Vaxshuvoriy ko‘plab muridlarni tarbiyalagan bo‘lsa-da, ulardan Darvesh Muhammad nomigina ma’lum va mashhur. Shayx zohiriy va botiniy ilmlarni jamlagan inson bo‘lgan. “Xazinatul asfiyo” sohibi “Tazkiratul asfis”dan keltirishicha, Xoja Muhammad Darvesh bay’at qilishidan 15 yil oldin zuhd va riyozat qilgan. Muhammad Amin ibn Muhammad Azim Marg‘inoniy Chimyoniyning aytishicha, Xoja Muhammad Darvesh murshidi vafotidan so‘ng uning o‘rnida o‘tiradi va yuzlab odamlarga Haq yo‘lni tanitadi.
Abdurahim Hisoriy Darvesh Muhammadni Xoja Ahror Valiydan ham ta’lim olganini yozadi.
Darvesh Muhammadning kubraviya shayxi Kamoliddin Husayn Xorazmiy (vaf. 1551 y.) bilan uchrashgani, Naqshbandiya shayxi Shayx Amir Ali Azizon Hiraviy (vaf. 1601-1602 y.) bilan suhbat qilgani qayd etiladi. Darvesh Muhammad “Vahdatul-vujud” ta’limoti asoschisi Muhyiddin ibn Arabiyning tasavvufiy-falsafiy fikr-qarashlaridan chuqur ta’sirlangan va shu ta’sir natijasi o‘laroq bu mavzuda bir risola yozgan degan xabar bor.
Darvesh Muhammad o‘g‘li Abdulboqi Xojagi Imkanagiyga bosh ustoz bo‘lgan. Undan tashqari Xoja Mirak Gumbaz Sabziy, Xoja Muhammad Rizo, Mavlono Sher Muhammad, Shayx Solatiy, Mir Ali Azizon Samarqandiy va boshqalarga irshod bergan. O‘zidan keyin o‘g‘li Xoja Muhammad Imkanagiyni xalifa etib tayinlaydi. Muhammad Tohir Xorazmiyning aytishicha, Amir Ali Azizon Darvesh Muhammadning muridi bo‘lib qolmay, ular qarindosh bo‘lishgan. Ikkalasi ham Hazrat Umar r.a.ning avlodlaridan bo‘lgan.
U faqirlikda kun kechirib, 970/1563 yilda vafot etadi va Kitob shahridan chamasi 17 km. janubiy-sharqda joylashgan Xoja Isfaroz qishlog‘ida dafn etiladi.
Muhammad Tohir ibn Xorazmiy “Hujjatus-solikin” asarida yozishicha, u qozi Amon Termiziy bilan Shahrisabzning Imkana qishlog‘iga Darvesh Muhammadning qabrini ziyorat qilgani boradi va uning avlodidan bo‘lgan Xoja Nizomiddinning uyiga mehmon bo‘lgan.
Hozirgi kunda mahalliy xalq bu yerda ya’ni, Oqsuv daryosi bo‘yida Shayx Shamsiddin, uning farzandi Shayx Najmiddin, keyinchalik uchinchi bo‘lib Darvesh Muhammad dafn etilgan, deyishadi.
Shayxlarning qabrlari yer ustida umumiy to‘rtburchak shaklda qurilgan katta sag‘ana ko‘rinishidagi inshoot ichiga qo‘yilgan. Umumiy sag‘ananing balandligi 4 metr, eni taxm. 8 metr, bo‘yi 12 metrni tashkil etadi. Umumiy sag‘ana marmar bilan qoplanib, oq va jigarrang bilan ishlov berilgan. Sag‘ananing yonida uchta shayxning ismi-sharifi va yashab o‘tgan yillari yozilgan. Sag‘ana oldida yog‘ochdan tug‘ qo‘yilgan. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, 1961 yili arxeologik izlanish bahonasida shayxlarning boshi ustida qo‘yilgan belgi-toshlar olib ketilgan.
Hozirgi kunda ziyoratgoh hududida faqat masjid bo‘lib, ichida chillaxona bor va u yaxshi saqlangan. Qurilish uslubiga ko‘ra, masjid to‘rtburchak shaklda, ustiga gumbaz yopilgan. Masjidning oldi ochiq ayvon qilib yopilgan va hovlisida 600 yoshga kirgan xalq tilida “Amir Temur tomonidan ekilgan” degan nom ostidagi terak daraxti joylashgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: