Qashqadaryo viloyatida Kitob tumani markazidan 23 kilometr uzoqlikdagi Mug‘ul qishlog‘ining shimoliy qismida Ne’matulloh Valiy ziyoratgohi joylashgan. Xalq orasida u kishi Xo‘ja Ne’matulloh (1330-1431) ham deb atalib, so‘fiy, shoir, Ne’matullohiy tariqati asoschisi hisoblanadi. Shox Sayid Nuriddin Ne’matillo ibn Mir Sayid Abdullo ibniy Abduraxmon (1330-1431) islom dini sohasida zabardast olimlaridan [1:357].
Ne’matulloh Valiy sunniy-shofiy bo‘lib, o‘z shajarasini shialarning 5-imomi Muhammad Boqir orqali (21 bo‘g‘imda) Muhammad (s.a.v) ga yetkazgan. Iroqda, so‘ngra Makkada Shayx Abdulloh Yofe’iy (1298-1367) qo‘lida tahsil olgan. Iroq, Misr, Tabriz, Ardabil, Movarounnahrda bo‘lgan, turkiy qabilalar orasida islomni faol targ‘ib qilib, yoygan. O‘zining zohidona turmush tarzi bilan xalq orasida shuhrat qozongan. Sufizmdagi “Ne’matulloh” yo‘nalishining asoschisidir. Bu ta’limot islom olamida Naqshbandiya ta’limoti kabi mashhur bo‘lib, pir va murshidlikka asoslangan [2:251-266]. Hozir ushbu ta’limotga qisman Markaziy Osiyo, Hindiston, Pokiston halqlari amal qiladi.
U kishi Shom viloyatining Halab shahrida tug‘ilgan. Iroqda o‘qigan, so‘ngra 24 yoshlarida Haj ziyoratiga borib, Makka shahrida Shayx Abdulloh al-Iofiy (1298-1362)ga murid bo‘lgan [3:178-179]. Amir Temur Kuragoniyning piri Mir Sayid Barakaning ukasidir. Sayid Ne’matillo arab va fors tillarida har xil ma’nolar yoritilgan 544 ta yozishmalar bitgan, ulardan 110 tasi bizgacha yetib kelgan. Bundan tashqari u 1541 ta g‘azalni o‘zida jamlagan katta Devon tuzgan. Mazkur ilmiy meros Iroq va Kermonda (Eron) Amir Sayid Nuriddin Ne’matillo nomi bilan 4 marotaba nashr etilgan [4:19]. Ne’matulloh Valiy ta’limotida arab tasavvufi, (Ahmad Shoziliy va Abu Madyon), Ibn Arabiyning vahdati vujud ta’limoti, Najmiddin Kubro g‘oyalari va Xojagon tariqati qarashlari uyg‘unlashib ketgan. Sufiylik tajribasida u Junayd va Abu Yazid Bistomiy yo‘lidan borgan. Hunarmand va dehqonlarni madh etgan [1:358].
Manbalarda keltirilishicha, Ne’matulloh Valiy Iroq, Makkai mukarramada ilm o‘rgangan. Irshod berish darajasiga yetgach 35-45 yoshlarida Samarqandga keladi. Bu davrda Amir Temur endi Samarqand taxtiga o‘tirgan edi. Amir Temur Ne’matulloh Valiy bilan uchrashib, unga ko‘p hurmat-izzat ko‘rsatgan [2:254-256]. “Zafarnomada” asarida keltirilishicha, Amir Temur Amir Husayn ustiga qo‘shin tortib, Termiz shahri yaqinida to‘xtab turganda Mir Sayid Baraka va ukalari Sayid Ne’matillo podshohlik rutbasini belgilovchi alam va nog‘orani Sohibqironga topshiradilar. Shundan so‘ng u Amir Temur yonida bo‘lib, barcha ishlari va mashvaratlarida ishtirok etgan [3:179]. Hirotdan ketgach Yazid, Sherozda istiqomat qilib, so‘ng Kermon shahrida yashab qolgan.
Ne’matullohiylar shialikdagi sufiylik tariqati tarafdorlaridir. Shohrux Mirzo (hukmronlik davri 1405-1447) Ne’matullohiylar va ularning piri Ne’matulloh Valiyni o‘z panohiga olgan. U Samarqand, Hirot Yazd va ko‘proq Kermonda yashab xonaqoh va masjid qurdirgan. Amir Temurning aka-ukaga ajratgan mulkini 25 yil boshqarib, muqim yashab qoladi. 1431 yilda Kermonning Moxon qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn etiladi [1:358]. Keyinchalik allomaning qabri ustiga yuksak maqbara quriladi va hozirga qadar katta ziyoratgoh hisoblanadi.
XVI asrda Eronda shialik hukmron mafkuraga aylangach, Ne’matullohiylar tariqati keng tarqalib, asosan shaharning savdo-hunarmand doiralarini o‘ziga jalb etgan. Ne’matullohiylar siyosiy faoliyati davlatning ichki hayotiga ta’sir ko‘rsatishi bilan boshqa tariqatlardan ajralib turgan. Tariqat vakillari Hindistonda ham mavjud bo‘lgan. Ne’matullohiylar XIX asr o‘rtalarida ko‘plab guruhlarga bo‘linib ketgan. Uning tarafdorlari hozir Eronda ham bor.
Said Ne’matulloh Kitob tumani Mug‘ul qishlog‘ida 6 yil yashaganlar. Ne’matillo Kitob shahriga borib, shahar hokimi Imomiddin Hamza al-Husayn al-Harvoniyning qiziga uylanadilar. U kishining karomati bilan Hazrati Sulton Sayid Ahmad Bashir Hazratlari dunyoga keladi [3:179].
Temuriylar avlodi vakillari tomonidan islom yo‘lida xizmat qilgan olim, ulamo, avliyolarga hurmat ma’nosida sag‘ana va qurilish ishlari olib borilgan. Ne’matulloh Valiy Mug‘ul qishlog‘ida yashagani, tasavvuf tariqatidagi mavqei, mahalliy aholi bilan pir va murid aloqalari tufayli u kishiga shu qishloqda ramziy qabr qilingan. Jumladan, Shohrux Mirzo Kitob tumani Mug‘ul qishlog‘ida Ne’matulloh Valiy (1330-1431) nomi bilan bog‘liq olti burchakli maqbara qurdirgan [5].
Qabr ustiga qo‘yilgan tosh hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Mahalliy rahbariyat tashabbusi bilan 2013 yil maqbara ta’mirlanib, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: