OQ SAROY (Shahrisabz shahri)

OQ SAROY  (Shahrisabz shahri)

O‘zMU professori v.b., t.f.d. (DSc)

Hamidova M.S.

 

Oqsaroy Shahrisabzda joylashgan temuriylar davri yodgorligidir. Amir Temurning ona shahri bo‘lgan Shahrisabz asrlar davomida bir necha bor yuksalish va inqiroz davrlarini boshidan kechirgan. O‘rta asrlarda u Kesh nomi bilan mashhur bo‘lgan. Amir Temurga otameros mulk bo‘lgan Kesh shahri XIV asr oxirida mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Manbalarda keltirilishicha, Kesh hisori devorining qurilishi 780/1378 yili boshlangan va bir yilda tugatilgan [1:96].

To‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi devorning to‘rt tomonida darvozasi bo‘lgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur Hirotni zabt etganida uning temir qoplangan darvozalarini Shahrisabzga keltirib, shahar devoriga o‘rnatishni buyurgan. O‘rta asr shaharlarida an’anaga aylangan shoh ko‘chalarga bo‘lgan e’tibor bu yerda ham kuzatiladi. Boshqa markaziy shaharlarda bo‘lgani kabi mudofaa devorlari darvozalaridan boshlangan asosiy yo‘llar markazda kesishgan. Yo‘l yoqasida joylashgan do‘konlar markazga tomon ko‘payib borgan va u yerda asosiy bozor – Chorsu joylashgan. Hozirgacha saqlanib qolgan Chorsu bozori esa ancha keyinroq qurilgan va markazdan chetroqda joylashgan. Hisorning janubi-sharqida Oqsaroy bunyod etilgan. Uning qarshisida esa aslzodalar va din peshvolari istiqomat qilgan mahallalar, shaharning janubi-g‘arbiy qismida esa hunarmandchilik guzarlari joylashgan. Hisor atrofidagi rabotlarda  kanallar bo‘ylab bog‘-rog‘lar uzumzorlarga tutashib ketgan [2:90-91]. Bu voha me’morchiligiga ham o‘zining ta’sirini o‘tkazgan, ya’ni Shahrisabzda bunyod etilgan mahobatli inshootlar tuzilishi va me’moriy bezaklarida o‘ziga xoslik sifatida aks etgan.

Oqsaroy Amir Temur farmoniga ko‘ra 1380-1403 yillarda bunyod etilgan. Manbalarda ushbu saroy haqida quyidagicha keltirilgan: “Torix yetti yuz seksan birda (1380, mart) ul shaharda (Keshda) qal’a soldurdi va jahdlab tamom qildurdi. Va andoq shahri bo‘ldikim, gardun Muhandisi muncha yoshi bilan olamni kezib, hech bir yerda mundoq shahar va ko‘shk ko‘rmagan tutur” [3:88]. Ushbu saroydan hozirda bosh ravoq ustunlarigina saqlanib qolgan. Inshootning qurilishida mahalliy ustalar bilan birga Amir Temurning Urganch va Ozarbayjonga qilgan yurishlari paytida asir olingan ustalar ham qatnashganlar. Binoning tashqi bezaklari, xususan, bosh ravoq ustunlari, burchak minoralari rang-barang sirli g‘isht, o‘yma naqshli koshinlar, islimiy bezakli sopol taxtachalar bilan bezatilgan.

Rui Gonsales de Klavixo Shahrisabzdagi Oqsaroyga “...oltin, lojuvard va boshqa rangdor bezaklar bilan bezatilgan betakror inshoot”, deb ta’rif bergan [4:146-147]. Mazkur muallif Oqsaroyning rejaviy tuzilishiga oid qiziqarli ma’lumotlar ham keltirib o‘tgan, xususan, saroy uch qismdan, ya’ni ma’muriy boshqaruv qismi, turar joy xonalari bo‘lgan saroy hamda bog‘ xiyoboni qismlaridan iborat bo‘lganligi yozib qoldirilgan [5:146-147]. Yodgorlikni chuqur tadqiq etgan mutaxassislarning fikriga ko‘ra, saroy an’anaviy tarzda to‘g‘ri to‘rtburchakli ayvonlar bilan o‘ralgan hovlida qad ko‘targan. Hovlisining eni 120-125 m, uzunligi esa 240-245 mni tashkil etgan [6:92]. Amir Temur saroylari o‘z davrining eng muhtasham inshootlaridan bo‘lib, ularni qurishda nafaqat mahalliy me’morlar balki u zabt etgan barcha hududlardan ko‘chirib olib kelingan usta hunarmandlar mahorati aks etgani shubhasizdir. Ushbu saroylar bizgacha to‘liq shaklu ko‘rinishini saqlagan holda yetib kelmagan. Ammo ulardan qolgan vayronalar va qoldiqlarni tadqiq etish natijasida topilgan moddiy manbalar ushbu saroylar to‘g‘risida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Ma’lumki, mazkur davr me’moriy obidalari nafaqat ulkan hajmi, balki boy me’moriy bezaklari bilan ham mashhurdir. Shubhasiz, Amir Temur saroylari ham ushbu me’moriy merosning ajralmas qismi bo‘lib, bu kabi nodir namunalar Amir Temur va Temuriylar davridan oldin ham yoki keyin ham uchramaydi.

1925 yildan akademik V.V.Bartold va arxeolog V.L.Vyatkin tomonidan Shahrisabz tarixiy yodgorliklarini o‘rganish boshlangan [7] va Sredazkomstaris tashkiloti Shahrisabzdagi Oqsaroy obidasi, Imom Zoda maqbarasi, Gumbazi Sayyidon mozori, Shamsiddin mozori, Ko‘k Gumbaz masjidi, Qarshi shahridagi Abdullaxon masjid va madrasasi, Namozgoh masjidi, Zahoki maron va Shulluktepa yodgorliklari ro‘yxatga olingan [8].

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

 

  1. A. Sagdullayev va boshqalar. Qadimgi Kesh-Shahrisabz tarixidan lavhalar. – T., 1998. – B. 96.
  2. O‘sha asar. – B. 90-91.
  3. Sharafuddin Ali Yazdiy. Zafarnoma / So‘zboshi tabdil, izohlar ko‘rsatkichlar mualliflari Ashraf Ahmad va Haydarbek Bobobekov. – T.: Sharq, 1997. – B. 88.
  4. Rui Gonsales de Klavixo. Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403-1406 yillar). – Toshkent: O‘zbekiston, 2010. – B. 146-147.
  5. O‘sha joyda. – B. 146-147.
  6. A.Sagdullayev va boshqalar. Qadimgi Kesh-Shahrisabz tarixidan lavhalar.  – T., 1998. – B. 92.
  7. O‘zMA, f. 394-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 190-ish, 64-70 varaqlar.
  8. O‘zMA, f. 394-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 252-ish, 20-21 varaqlar.