O‘zMU professori v.b., t.f.d. (DSc)
Hamidova M.S.
Dor ut-tilovat majmuasi XIV asr oxiri – XV asr boshlarida bunyod etilgan [1:104]. U Ko‘k gumbaz masjidi, Shamsiddin Kulol va Gumbazi Sayidon mozori masjidini o‘z ichiga olgan. Dor ut-tilovatning umumiy maydoni 500X500 m bo‘lib, kvadrat shaklidadir. Shahrisabz shahrining janubi-sharqiy qismida joylashgan mazkur me’moriy majmuaning dastlabki shakllanish bosqichi XI-XII asrlarga borib taqaladi [2:105]. Amir Temur davrida avval vayron etilgan obidalar o‘rnida Ko‘k Gumbaz masjidi va Shayx Shamsiddin Kulol mozori ustida maqbara bunyod etgan.
Sohibqiron Amir Temurning ona shahri Kesh va unda bunyod etilgan mahobatli inshootlar hususida uning ulug‘vorligiga guvoh bo‘lgan Ispaniya elchisi Klavixo quyidagilarni keltirib o‘tgan: “Kesh hamma yog‘idan sug‘orish inshootlari kesib o‘tgan, daraxtlar bilan qoplangan yashil tekislikda joylashgan... Shahar tuproq devor bilan o‘ralgan va chuqur handaq (qurshagan), darvozalari oldida esa osma ko‘priklar bor edi... Bu yerda uylar va masjidlar ko‘p. Ayniqsa, bittasining qurilishiga Temurbek buyruq bergan edi, ammo uning qurilishi bitmagan. Unda katta dahma bo‘lib, bu yerda uning otasi ko‘milgan edi” [3:102]. Klavixo “Katta qabriston” deb atagan ushbu me’moriy majmua keyinchalik xalq orasida Dor ut-tilovat degan nom bilan mashhur bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek davrida Ko‘k Gumbaz masjidining bitmay qolgan qismlarida qurilish ishlari davom ettirilgan.
Mirzo Ulug‘bek davrida Dor ut-Tilovat me’moriy majmuasi ham bir qator inshootlar bilan to‘ldirilgan. Xususan, Amir Temur davrida uning hayotida muhim o‘rin tutgan murabbiylaridan biri Shamsiddin kulol qabri ustida marmar toshtaxta qoplangan mo‘jazgina maqbara bunyod etilgan. Mirzo Ulug‘bek davrida esa ushbu maqbara ustida gumbazli inshoot barpo etilgan. Mazkur maqbara ro‘parasida avval madrasa bo‘lgan. 1434-1435 yillarda Shoxruh Mirzo buyrug‘iga asosan Mirzo Ulug‘bek tomonidan uning o‘rnida Ko‘k gumbaz masjidi bunyod etilgan. U me’moriy majmuadagi eng katta inshoot bo‘lib, jome’ masjidi hisoblangan. Masjid peshtoqi ravog‘ida Shoxruh Mirzo hamda Mirzo Ulug‘bekning nomlari, ularning sharafiga bitilgan maqtovlar hamda masjidning qurib bitkazilgan yillari haqida ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Ko‘k gumbaz masjidining nomi uning tashqi me’moriy bezaklarida ishlatilgan moviy va ko‘k rangli koshinlar bilan bog‘liq. Peshtoq bezaklari ichida geometrik naqshlar ustunlik qiladi. Masjid peshtoqining o‘ng va chap tomondagi ustunlari hamda boloxonasi buzilib ketgan [4]. Ularda va asosiy ravoqda islimiy bezaklar ham ishlatilgan. Masjid honaqohi 12,7×12,7 mni tashkil etgan bo‘lib, gumbaz poygumbazining tashqi tarafiga ishlov berilgan sirkor me’moriy bezaklarida moviy, ko‘k va oq rangli epigrafik bezaklar mavjud. Ularda Qur’on oyatlari bitilgan. Ichki qismidagi 8 ta mayda ravoqchalar romb shaklidagi qalqonsimon bag‘allar bilan o‘zaro birlashtirilgan bo‘lib, ravoq shaklidagi 16 tayanchiqqa o‘rnatilgan. Xonaqohning g‘ishtin devorlari burchagida to‘rtta aylana zina orqali ayvon tomiga chiqilgan [5:38-40].
Ko‘k gumbaz masjidi 1970 yillarda hamda mustaqillik yillarida 1995-1996 yillarda Amir Temur hamda Mirzo Ulug‘bekning yubileylari munosabati bilan qayta ta’mirlangan. Shuningdek, Amir Temur va Temuriylar davrida bunyod etilgan yodgorliklar to‘g‘risida tarixiy manbalarda keltirib o‘tilgan ma’lumotlarni ochiqlashga doir bir qator ilmiy maqolalar chop ettirilgan [6:28-36; 6:100-101]. Hukumat qaroriga asosan Ko‘k gumbaz masjidida 2016 yilda ham tiklash-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan [7].
1437-1438 yillarda Mirzo Ulug‘bek tomonidan Shamsiddin kulol maqbarasining janubiy devori ortida Temuriylar xonadoni a’zolari uchun yangi maqbara bunyod etilgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlab o‘tishicha, ushbu maqbaradagi XV-XVII asrlarga oid qabrtoshlar orasida Termiz shayxlarining nomlari ham uchraydi. Maqbaraning nomi shundan kelib chiqqan holda Gumbazi Sayyidon deb nomlangan [8:36].
“Dor ut-tilovat” − Qur’on o‘qiladigan, tilovat qilinadigan joy ma’nosida bo‘lib, Shahrisabzning markazida, “Dor us-saodat” majmuasi g‘arbidagi Temuriylar davriga oid inshoot, ziyoratgohdir [9:66-67].
Shahrisabz markazidagi “Dor ut-tilovat” majmuasining bir qismini “Gumbazi Sayyidon” (Sayyidlar gumbazi) tashkil etadi. Maqbara ichidagi sag‘analarda (XV-XVIII asrga oid) termizlik sayyidlar avlodi (Amir Abdul Muoniy, Muhammad Sayyid va Ma’rufjon Muoniy)ning nomlari yozilgan [10]. Amir Temur to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongir Mirzoni yaxshi ko‘rgan, o‘g‘lining o‘limidan qattiq ta’sirlangan. Shu sabab uning nomiga xilxona qurdirgan [11], bu joy Temuriylar davri moddiy madaniyatining yorqin ko‘rinishi sifatida temuriylar dafn etiladigan manzil bo‘lib qolgan [12].
Gumbazi Sayyidon me’moriy yodgorligi 1437-1438 yillarda Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan bo‘lib, u buni “Ulug‘bek oilaviy xilxonasi” sifatida bunyod etgan [13:139-141].
Shahrisabzda qurdirilgan binolar, asosan, dahmalardan iborat. Maqbara chortoq tarxli (tashqi o‘lchami 9×9, ichki tomoni 5,75×5,75), poygumbazi sakkiz qirrali (prizmasimon) gumbaz bilan qoplangan. Maqbara ichki devorlaridagi ravoqlar ikki qator bo‘lib, ustidagi burchaklarda tuynuk va keng tokchalar mavjud. Maqbara ichida XV-XVIII asrlarda qo‘shni qabristondan keltirilgan bir necha o‘zga sag‘analar bor. Ularning yozuvlarida Termiz sayyidlarning nomi eslatiladi [14].
Mazkur yodgorlikni topish, ro‘yxatga olish, saqlash va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanilish ishi 1923-70 yillarda Qashqadaryo hududida olib borilgan arxeologik ekspeditsiyalar sifatida boshlangan. Jumladan, 1925 yildan akademik V.V.Bartold va arxeolog V.L.Vyatkin tomonidan Shahrisabz tarixiy yodgorliklarini o‘rganish boshlangan [15] va Sredazkomstaris tashkiloti Shahrisabzdagi Oqsaroy obidasi, Imom Zoda maqbarasi, Gumbazi Sayyidon mozori, Shamsiddin mozori, Ko‘k Gumbaz masjidi, Qarshi shahridagi Abdullaxon masjid va madrasasi, Namozgoh masjidi, Zahoki maron va Shulluktepa yodgorliklari ro‘yxatga olingan [16].
O‘zbekistonda Mirzo Ulug‘bek yubileyining o‘tkazilish munosabati bilan 1993 yil 1 oktabrda yubiley ob’ektlarini ta’mirlash maqsadida Shahrisabz shahridagi yodgorliklarni o‘rganishga doir ekspeditsiya uyushtirildi va moddiy mablag‘ ajratildi [17]. Xususan, Shahrisabz shahri tarixiy arxitektura yodgorliklari uchun ajratilgan mablag‘ 106,4 mln. so‘mni tashkil etgan va ta’mirlash ishlari Shamsiddin Kulol maqbarasida, Ko‘k Gumbaz masjidi, Dor-ut tilovat, Gumbazi Sayyidon maqbarasi ta’miriga sarflangan [18].
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI