Qarshi shahrining janubi-g‘arbiy tomonida, ya’ni Gulshan mahallasi Jayhun ko‘chasida Abu Ubayda ibn Jarroh ziyoratgohi joylashgan [1]. Abu Ubayda ibn Jarroh sahobiylardan bo‘lib, milodiy 583 yili Makkada tug‘ilgan. Nasab jihatdan Rasululloh (sallollohu alayhi vasallam)ga qarindosh bo‘lgan, kunyasi Abu Ubayda. Otasi Abdulloh ibn Jarroh ibn Hilol ibn Vuhayb ibn Zabba ibn Horis ibn Vihr ibn Molik. U musulmon bo‘lmagan. Badr jangida mushrik bo‘lib halok bo‘lgan. Onasi Ummu G‘anm bint Jobir ibn Abdulloh ibn A’lo ibn Omir ibn Umayra ibn Vadiy’a ibn Horis ibn Fihr. Bu ayol islomni qabul qilgan [2:147-151].
Rivoyatlarga ko‘ra, Abu Ubayda ibn Jarroh uzun bo‘yli, ochiq yuzli siyrak soqolli, ozg‘indan kelgan kishi edi. U islom dinini yoyishda ko‘rsatgan jasorati uchun xalq orasida e’zozlangan, islom tarixida shijoatli, to‘g‘ri so‘z, teran fikrli, obid, zohid, tabiatan muloyim, buyuk sarkarda, odil inson sifatida tanilgan. Abu Ubayda ibn Jarroh islomga kirgan dastlabki musulmonlardan biri bo‘lib, tirikligidayoq jannatga kirishi bashorat qilingan sahobiylardan hisoblanadi. U zotning islomga kirishiga Abu Bakr (r.a.) da’vati sabab bo‘lgan. U dastlab Xabashiston, keyinchalik Madina shahriga hijrat qilgan. Umar (r.a.) o‘zidan keyin xalifalikka Abu Ubayda ibn Jarrohni munosib nomzodlardan biri deb bilgan [2:147-152]. 639 yilda Shomni fath etishda o‘lat kasalidan vafot etgan. Asl qabri Shariat daryosining g‘arb tomonida, Amyo qishlog‘ida joylashgan [3:23]. Qarshi shahrida Abu Ubayda ibn Jarroh nomi bilan bog‘liq ramziy ziyoratgoh ham mavjud.
Mazkur ziyoratgohning paydo bo‘lishi Sohibqiron Amir Temur nomi bilan bog‘lanadi. Amir Temur va temuriylarning ilm ahli, alloma va avliyolarga hurmati baland bo‘lganligi bois qabrlarni ham ziyorat qiladigan darajada muborak maskanga aylantirgan. Jumladan, Amir Temur 1401 yilda Shom diyorini fathidan so‘ng Iordaniyadagi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning sahobalaridan biri bo‘lgan Abu Ubayda ibn Jarroh qabrini ziyorat qiladi. Maqbara va sag‘ananing ta’mirsiz ahvoldaligini ko‘rib, u yerni obodonlashtirgan. Amir Temur Abu Ubayda ibn Jarrohning qabr tuprog‘idan olib kelib, Qarshida ham mazkur shaxsga bo‘lgan hurmat yuzasidan ramziy ziyoratgoh barpo etadi [4:34].
Sovet davrida Abu Ubayda ibn Jarroh ziyoratgohiga tashrif buyuruvchilar yashirincha kelishgan. 1945 yilda ob’ekt foydalanish uchun ochilgan. 1947 yilda yana yopilgan. 1954 yilda bu yerga kelgan tarixiy obidalar va yodgorliklarni muhofaza qilish davlat tashkiloti vakili Frenkel majmua holatini bunday tasvirlaydi: “Majmua hozirda xarobaga aylangan. Uni o‘rab turgan to‘siqlar endi yo‘q. Atrofi paxtazor. Maqbaradan jamoa xo‘jaligi ombori sifatida foydalanilmoqda. Masjid huvillab yotibdi. Hovuz qarovsiz, hamma joyni qalin butalar qoplagan” [5:21-22]. 1968-1973 yillarga oid arxiv hujjatlarida ko‘rsatilishicha, ziyoratgohning hech qanday belgisi va yozuvlari bo‘lmagan qabrdan iborat bo‘lgan [6:26-27]. M.Ye.Masson Xo‘ja Ubayda qabristoni Qarshi shahridagi yirik Katta Xo‘ja Rushnoyi mozori tarkibiga kirishini aytadi va Jarroh nomi sahobaning tibbiyot bilan shug‘ullanganini ko‘rsatadi deb qayd etadi [7:85-86].
XX asrning boshlarida qabrning shimoli-g‘arbiy tomonida masjid, uning yonida esa, baland bo‘lmagan minora joylashgan. Masjid 1926 yilda buzib tashlangan. Uning janubida yuzasi 16 kvadrat metrni tashkil etgan hovuz bo‘lib, M.Masson 70-yillarda ayollarning bu ziyoratgohga tashrif buyurganini, hovuz yaqinida katta daraxt borligi, masjid va bino joylashganligi, keyinchalik u yerda minora paydo bo‘lganligi, mozorga kirish joyida bronza bilan bezalgan ko‘p qirrali xalqa mavjudligini ta’kidlaydi [8:48]. Aytish mumkinki, hozirda ham mazkur minora va hovuz saqlanib qolgan. Aholi tashrifi chog‘ida qabrni ziyorat qilishgan.
Ziyoratgoh 2000 yilda qayta tiklanib, qabr ustiga maqbara bunyod etiladi. Kirish joylariga darvozaxona quriladi, yo‘laklar ta’mirlanadi, tarixiy ob’ekt atrofi obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
2012-2013 yillarda davlatimiz tomonidan qayta ta’mirlash ishlari olib borilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 19 dekabrdagi PQ-4068 sonli qaroriga muvofiq Abu Ubayda ibn Jarroh ziyoratgohi O‘zbekiston moddiy va madaniy merosining ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: