Jahonda Bugungi kunda turizm sohasi ko‘plab mamlakatlar iqtisodining asosiy tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Shu jumladan O‘zbekiston ham turizmning markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Qadimdan sayyohlarni jalb etuvchi, Xitoy va Yevropa davlatlarini bir-biriga bog‘lab turuvchi Buyuk Ipak yo‘lining o‘tganligi ham mamlakatimizda turizmning qanchalik boy tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. Bu yo‘lda katta miqdordagi me’moriy obidalar va tarixiy davrga ega bo‘lgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon va Termiz kabi shaharlar joylashgan. Mazkur shaharlarda har yili minglab turistlarning tashrif buyurishi fikrimizning isbotidir. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kundan boshlab o‘z tarixini chuqur o‘rganish va uni yanada keng isloh qilish yo‘lidan bosqichma-bosqich bormoqda. Shu jabhada yurtimizning tarixi bilan chambarchars bog‘liq bo‘lgan turizm sohasi qaytadan tiklanib, ushbu sohaga bo‘lgan e’tibor kuchaytirildi hamda hozirgi kunga qadar tub islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. O‘zbekiston juda katta turistik salohiyatga ega davlat hisoblanadi. Yurtimizga xorijiy sayyohlarni jalb etish, turistik xizmatlarning xilma- xilligini oshirish maqsadida yangi marshrutlar joriy qilinmoqda.