Arxeologiya merosi obyektlari madaniy merosning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. O’zida necha ming yillik va asrlik boy tarixni aks ettiruvchi, moziyning yashirin sirlarini insoniyatga yetkazuvchi asosiy manba bo’lib xizmat qiladi. Necha asrlardan buyon yashab kelayotgan, bizgacha yetib kelgan moddiy madaniyatning asosi hisoblanadi. Ma’lumki, O’zbekiston dunyoning eng qadimgi mintaqalaridan biri bo’lib, uning hududida bir necha ming yillar mobaynida sivilizatsiyaviy taraqqiyot jarayoni davom etib kelgan. Aynan shu hududda eng qadimgi davlatlardan hisoblanuvchi Baqtriya, Sug’d, Xorazm, Farg’ona kabilar shakllangan. Bir necha asrlar mobaynida asosiy savdo yo’li sifatida faoliyat yuritgan Buyuk Ipak yo’li ham shu zamindan o’tgan. Bularning barchasi tasodif emas, albatta.