Qashqadaryo viloyati Qamashi tumaniga 56 km masofada, Hisor tog‘ tizmalari turkumiga kiruvchi Maydanak tog‘ining yuqori qismida Katta O‘ra MFY Chit qishlog‘ida ekoturizm ob’ekti bo‘lgan Beshterak bulog‘i joylashgan. Bu tog‘ o‘zining jug‘rofiy o‘rni, betakror manzaralari, musaffo havosi hamda butun Markaziy Osiyo mintaqasida tutgan strategik ahamiyatiga ko‘ra Yer sharining eng muhim nuktalaridan biridir. Yam-yashil archalar bilan qoplangan hushmanzara soyda Beshterak bulog‘i nechi asrdan buyon oqib turadi.
Maydanak tog‘i Xonimqashqa, To‘kimat, Chit, Mangchuqur, Xontaxti, Choltosh, Karkara nomli qirlarga tutashgan bo‘lib, tog‘ yon qismlari, Katta O‘ra daryosi bo‘yi archazor bilan qoplangan. Beshterak bulog‘i Chit qishlog‘ida bo‘lib, atrofda yana Qo‘g‘a va Tolli qishloqlari bor. Qadimda bu yerdan karvon yo‘li o‘tgan. Tog‘ aholisi asosan dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Mahalliy aholi bug‘doy, arpa, zig‘ir, no‘xot kabi ekinlar ekishadi. Bog‘dorchilikda hamma mevalar yetishtiriladi.
Mahalliy aholi orasidagi rivoyatlarga ko‘ra, Qamashidagi tog‘da Langar qurgan Langar ota tomonga bosqinchilar kelganda u yerdan 5 ta qiz yuqoriga qochishadi va buloq yoniga kelib beshta terakka aylanishib qolgan ekan. Shu sababdan bu buloq Beshterak bulog‘i nomini olgan ekan. Hozirda Beshterak bulog‘iga kelib-ketuvchilarga mas’ul, mahalliy tadbirkor Abdirashid aka Suyunovning aytishicha, har kuni bir qarg‘a kelib buloq boshida azon aytar ekan. Shu sababdan mahalliy aholi bu yerga shifobahsh buloq va ziyoratgoh sifatida qarar ekan.
Beshterak bulog‘i shifobahsh, madanli suv bo‘lib, Toshkent shahridagi Markaziy laboratoriyada tekshirilganda, tarkibida turli xil minerallar borligi, yod miqdori yuqori ekanligi, undan tashqari kalsiy, magniyga boyligi, suvning boshqa suvga nisbatan og‘irligi aniqlangan. Bu yerda yoz faslida Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlari, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkentdan ham fuqarolar teri kasalliklari, oshqozon, ichak, jigar, buyrak kasalliklariga da’vo istab kelishadi.
Beshterak ekoturizm hududi juda chiroyli tog‘ manzarasida joylashgan bo‘lib, hozirgi kunda mahalliy turizmga ham shifo maskani, ham tog‘ havosida dam olish uchun mavsumiy ziyoratgoh sifatida xizmat qilmoqda.