YAKKABOG‘ TATAR QISHLOG‘IDAGI TOG‘ EKOTURIZM OB’EKTI (Yakkabog‘ tumani)

YAKKABOG‘ TATAR QISHLOG‘IDAGI TOG‘ EKOTURIZM OB’EKTI (Yakkabog‘ tumani)

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani tog‘ zonasida joylashgan bo‘lib, o‘zining so‘lim maskan ekanligi bilan ajralib turadi. Yakkabog‘ Tatar qishlog‘i Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.

Tatar qishlog‘i o‘nga yaqin kichik-kichik qishloqchalarga bo‘linib ketgan. Tog‘ yon bag‘rida joylashgan Tatar qishlog‘i tabiati musaffo, tog‘ havosi, tog‘dan oqib tushuvchi zilol suvi bilan ahamiyatlidir.

U yerda yashovchi kishilar bir-biri bilan inoq, sodda va hazil-mutoyibaga boy odamlar, yoshlari qiziquvchan, so‘zamol, zehni o‘tkir yigit-qizlardir. Bir so‘z bilan ifodalaydigan bo‘lsak, Tatar qishlog‘i tabiati ham, odamlari ham kishida ajoyib taassurot qoldiradi.

Tatar qishlog‘ining ajoyib sharsharasi va daryosi bor. Sharshara daryoda 2 km yuqorida joylashgan bo‘lib, balandligi 100 metrni tashkil qiladi. Sharshara atrofida dorivor o‘simliklar va eng asosiysi g‘or bor. Bugungi kunda Tatar qishlog‘i tabiatning go‘zal ekoturistik ob’ekti sifatida bahor, yoz va kuz fasllarida  nafaqat mahalliy, balki respublikamizning barcha viloyat va tumanlaridan turistlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda.